Aytaylik, yangi imorat foydalanishga topshirilganiga hech qancha vaqt o‘tmasdan, hali bu kamchilik, hali yana boshqa bir kamchiliklari ko‘zga tashlanib qoladi. Bir qarasangiz, lift ishlamay tursa, bir qarasangiz, zinalardagi kafellar qo‘poriladi. Ichki jihozlarniku aytmasa ham bo‘ladi. O‘z navbatida sifatli xomashyolar ishlatilmagani, qurilish obyekti mustahkam qad rostlamagani bevosita aholida norozilik uyg‘otadi.
Qurilish tashkilotlarida ichki nazoratni yuritish, har bir nazoratchining bajaradigan funksional vazifasini yanada aniq belgilash hamda qurilish obyektlarida uchrayotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida, viloyat va tuman prokuratura boshqarma va bo‘limlari qoshida qurilish obyektlarini nazorat qilish shtablari tuzildi. Bu haqda viloyat qurilish boshqarmasida tashkil etilgan seminarda batafsil ma’lumot berildi.
Unda viloyatdagi quruvchi tashkilotlar, davlat buyurtmachi injiniring kompaniyalari, pudrat tashkilotlari, loyihachi tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor qurilish obyektlarida nazoratni tashkil etishning qonuniy asoslarini va tartib qoidasini yig‘ilganlarga to‘laqonli tushuntirishga qaratildi.
- Qurilish obyektlarida nazoratni kuchaytirishdan maqsad, qurilish inshootlarini o‘z vaqtida va sifatli qurilishiga erishish, — deydi Surxondaryo viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zohidjon Adirov. — Endilikda quruvchilar ish yurituvchi proraplardan tashqari, texnik nazoratchi mutaxassislarni, ya’ni oliy ma’lumotli, qurilishda katta tajribaga ega xodimlarni ishga olishlari shart. Chunki, obyekt qurilish jarayonlarini muntazam nazorat qilish kerak. Texnik nazoratchi, barcha jarayonlarda ishtirok etib, ishlatilayotgan mahsulotlarning sifatini, qurilishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni obdon o‘rganib, uni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Prezidentimizning “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilganidek, obyektlarni qurishning barcha bosqichlarida mualliflik va texnik nazorat majburiydir. Qurilayotgan obyektlar ustidan mualliflik nazorati, texnik nazorat va tekshiriv faqat belgilangan tartibda sertifikat olgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Qurilish obyekti bitganidan keyin emas, barcha jarayonlarda nazorat yuritilishi, ham o‘sha inshootning sifatli va mustahkam qurilishida, ham qurilishda ishlayotgan ishchilarning xavfsizligi ta’minlanishida qo‘l keladi.
O‘ylaymizki, viloyatda endilikda qurilayotgan va foydalanishga topshiriladigan bino va inshootlar har jihatdan sifatli va mustahkam quriladi O‘z vaqtida foydalanishga topshiriladi. Shunday bo‘lgan taqdirdagina seminardan ko‘zlangan maqsad qaror topadi. Sohada qilinayotgan islohotlar besamar ketmaydi.
Adolat MO‘MINOVA