Termiz shahar hokimi Sharofiddin Lolayev rahbarligida Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda “Anhui Fengyuan Equipment Technology Co. Ltd” kompaniyasi rahbari Guo Li hamda “Anhui Fengyuan Group” kompaniyasi rahbari Xuan PengCheng bilan shaharda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, Xitoy tajribasi asosida avtomobilsozlik, robototexnika, avtomatlashtirish va innovatsion texnologiyalar yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydigan kasb-hunar maktabini tashkil etish, shuningdek, obodonlashtirish ishlarini davlat-xususiy sheriklik va BSK tizimi asosida yo‘lga qo‘yish, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, zamonaviy maxsus texnikalarni Xitoydan olib kelish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda murojaat qilish hamda zarur huquqiy jarayonlarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Loyihalarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va kelishuv bitimini tayyorlash maqsadida ertadan shahar hokimligida maxsus shtab va ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

