Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Alisher Navoiyning “Kulliyot” asarlari jamlangan nodir qo‘lyozma nusxasini taqdim etdi.
1495-yilda, Alisher Navoiy hayotlik davrida ko‘chirilishi boshlangan mazkur qo‘lyozma 802 varaqdan iborat bo‘lib, unda shoirning 26 ta asari jamlangan. Qo‘lyozma ikki miniatyura, 24 ta zarhal sarlavha va 30 ta bezakli zahriya bilan bezatilgan.
Avval Istanbuldagi Topqopi saroyi kutubxonasining Revan bo‘limida R. 808 raqami ostida saqlangan noyob qo‘lyozma endilikda Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans zalidagi Navoiy bo‘limidan o‘rin oldi.
Tashrif davomida Mehmet Nuri Ersoy boshchiligidagi delegatsiya markazning tarixiy ekspozitsiyalari va zamonaviy muzey texnologiyalari bilan tanishdi hamda Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.

