O‘zbek xalqi tarixida yorqin iz qoldirgan buyuk yurtdoshlarimiz ichida Zahiriddin Muhammad Bobur alohida o‘rin tutadi. U o‘zining sermazmun va barakali ijodi bilan jahon madaniyati xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk siymolardan biridir.
U haqda dunyo ahli juda “ko‘p va xo‘b yozgan”, jumladan, taniqli urdu adibi Qamar Rayis o‘zining “Bobur shaxsiyati va she’riyati” nomli asarida shunday deydi: “Tabiat bu tog‘li Farg‘ona vodiysiga mislsiz husn ato etgan, Bobur uning shaydosi bo‘lgan. Tabiatning mana shu so‘lim go‘shasida Boburning shoirona tafakkuri kurtak ochgan. Uning bog‘lari, chinorlari, shakardan shirin mevalarini ta’rif qilishdan bir soniya charchamagan…”
Boburning buyukligi va xalqimizga suyukligi nimada? Gap shundaki, u ham boshqalar qatori oddiy inson bo‘lgan, lekin taqdir sinovlariga tan berib, qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Yuksak darajadagi aql-idroki, tafakkuri, sabr-toqati, matonati bilan mashaqqatli hayot yo‘lini bosib o‘tib, afsonaviy hind yerida buyuk Boburiylar saltanatiga asos soldi. Qaysi bir sohani olib qaramaylik, har sohada peshqadam, ildam bo‘ldi. Har doim adolatni tug‘ qilib, muborak yalov qilib, qo‘lida ko‘tarib yurdi, oddiy masalalardan tortib mushkul holatlargacha haqiqatga tayandi, ro‘yirost so‘zladi. Garchi taqdir Boburni o‘z yurtidan olislarga olib ketgan bo‘lsa-da, u hamisha ona diyor, Vatan nafasi bilan yashadi.
Bobur ota-bobolarimizdan meros bo‘lib avloddan avlodga o‘tib kelgan adolat, haqiqat, rahm-shafqat, saxovat kabi chinakam insoniy tuyg‘ularni o‘zining qalb go‘zalligi, aql-zakovati bilan uyg‘unlashgan holda yuzaga chiqara olgan chinakam insonlardan biridir.
“Bori elg‘a yaxshiliq qilginki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiliq”
jumlasi Boburning bosh shiori edi. U do‘st-u dushmanga bir xilda muomalada bo‘ldi, do‘stning sadoqatini qadrladi, dushmanning mardligiga tan berdi. Yaqin kishilari vafosizlik qilganda ham taqdir hukmiga topshirdi, ularni tahqirlamadi, sazoyi qilmadi, aksincha, Yaratgan Egam izmiga havola qildi. Shu bois, Bobur xarakterida bugungi yosh avlodga ibrat bo‘lgudek jihatlar istagancha topiladi. Uning ijodi vatanparvarlik, yurtparvarlik, xalqparvarlik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik g‘oyalari bilan tugal sug‘orilgan. Bugungi shiddatli, tahlikali zamonda jahon ahliga o‘rnak bo‘lgudek fazilatlar uning xarakterida jamuljam bo‘lgan edi. Janggohlarda umri o‘tganiga qaramasdan, “Devon” tartib berdi, “Harb ishi”, “Mufassal”, “Mubayyan”, “Musiqa ilmi” kabi asarlarni yaratdi, “Xatti Boburiy”ni kashf qildi, Xoja Ahror Valiyning “Volidiyya” asarini turkiyga tarjima qildi. U hind, afg‘on yerlariga qurol ko‘tarib, ularni talash, parokanda qilish, dahshat solish, boylik orttirish uchun emas, Yaratganning izmi bilan ularni birlashtirish, jipslashtirish, tarqoq qabilalarni yagona davlat bayrog‘i ostiga to‘plash maqsadida bordi. Garchi o‘sha davr taqozosi bilan ona yurtini tashlab chiqib ketgan bo‘lsa-da, umr bo‘yi unga intilib yashadi, Vatanidan uzoqqa ketishni “yuzi qoralik” deb bildi, o‘zga yurtda shoh bo‘lsa ham, o‘zini benavo, miskin, g‘ariblar qatoriga qo‘shdi. Uning barcha asarlarida bu ruh ustunlik qiladi. Bobur ruboiylarining birida shunday deb yozadi:
“Ko‘pdin berikim, yoru diyorim yo‘qtur,
Bir lahza-yu bir nafas qarorim yo‘qtur.
Keldim bu sori o‘z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur”.
Bunday haroratli, o‘tli, ko‘ngil isyoni ufurib turgan misralarni bitish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bu kabi Vatan, ona diyor sog‘inchi, ushalmas orzu-armonlar shoirning:
“G‘urbat ichra, ey ko‘ngil, eldin vafo istarni qo‘y,
Chun vafosin ko‘rmading hargiz diyor-u yorning”, “Dema Boburga netarsen, bosh olib ketmak ne? Tengrining xosti mundoq esa, men netgaymen?”, “Yuz javr-u sitam ko‘rgan, ming mehnat-u g‘am ko‘rgan, Osoyishe kam ko‘rgan mendek yana bir bormu?”
ko‘rinishidagi satrlarida butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.
Bugun jahonning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy manzarasi tubdan o‘zgarib, insoniyat ko‘p qutbli dunyoga o‘tayotgan bir paytda yosh avlod, umuman, millatimiz uchun Bobur kabi ibrat bo‘lgudek ulug‘ bobolarimiz borligidan, ularning o‘gitlari, o‘lmas asarlari hozirgi notinch zamonda to‘g‘ri yo‘l topishimizda mayoq vazifasini bajarayotganidan har qancha faxrlansak, arziydi. Ayniqsa, bu holat adibning “Boburnoma” asarida katta mahorat bilan qalamga olingan. Bobur Movarounnahrdagi shaharlarni, ulardagi nabotot va hayvonot olamini, tarixiy shaxslarning xarakterlarini tasvirlaganda, ularga cheksiz mehr-muhabbat bilan, farzandlik tavozesi bilan yondashadi.
Bobur xarakterida unga temuriylardan meros bo‘lib o‘tgan to‘g‘rilik, rostlik, har bir ishga adolatpeshalik bilan qarash fikri kuchli edi. Amir Temurning “Kuch adolatdadir” degan shiori unga ham o‘tgan bo‘lib, har bir hodisaga yondashganda, bu shior unga madad bo‘ldi.
Tarix xolislikni sevadi. Bobur shaxsiga baho berganda mezon uning o‘z so‘zlari, tarixiy haqiqat bo‘lmog‘i lozim. Undan bizga meros bo‘lib qolgan asarlarninig guvohlik berishicha, Bobur voqea va hodisalarga real yondashgan, bir tomonlama baho bermagan, hatto gap kelganida, o‘z yaqinlarining, temuriylarning ham ojiz tomonlarini ayamay ochib tashlagan, g‘animlarining esa ezgu ishlariga tan bergan. Bu donishmand, mard, jasur insonlargagina xos fazilat. Boburda bu fazilatning eng oliy ko‘rinishi mujassam edi. Boburiylar saltanatining shakllanishi va rivojlanishida ham aynan mana shu jihat poydevor bo‘lib xizmat qilgan. Bundan biz faqat o‘rganishimiz kerak. Qolaversa, Bobur o‘z zamonasining ilg‘or fikrli, ma’rifatli kishilaridan biri sifatida yaratish, yangi binolarni, bog‘-u rog‘larni, saroylarni qurish bilan mashg‘ul bo‘ldi. O‘z yurti Andijon-u Samarqandda qura olmagan binolarni Afg‘onistonda, Hindistonda barpo etishga harakat qildi. Uning bu boradagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgan ingliz adibi Vilyam Rashbruk Boburni “O‘n oltinchi asr bunyodkori” nomi bilan ulug‘lab, u to‘g‘risida asar yaratgan. “Boburnoma”da uning bunyodkorligini, yaratuvchanligini tasdiqlovchi satrlarga juda ko‘p duch kelamiz.
Boburning yaratuvchanligi uning Farg‘onadan mevali daraxt ko‘chatlarini afg‘on, hind yerlariga olib borib ektirishida ham ko‘rinadi.
Bobur yashagan davr jang-u jadallarga, to‘s-to‘polonlarga to‘la, shiddatli bir davr edi. Har bir yigit kishi chavandozlik, qilichbozlik, kamonbozlikdan boxabar bo‘lishi talab etilardi. Bobur saroy tarbiyasini ko‘rgan shaxs sifatida bularning barchasidan nafaqat xabardor bo‘lgan, balki u o‘sha davrning mard va qo‘rqmas, matonatli, shijoatli jasur jangchilardan, sarkardalardan, urush taktikasini mukammal egallagan sara lashkarboshilardan biri edi. Ot minishda, qilichbozlikda, suzishda, kamon otishda unga yeng keladigan navkarlar kam bo‘lgan. Bobur janglarda toblangan, purtajriba, harb ishining hadisini olgan hukmdorlardan sanalardi.
Umuman olganda, Zahiriddin Muhammad Boburdan har tomonlama o‘rnak olsak arziydigan jihatlar bisyor. Undagi insonparvarlik, vatanparvarlik, keng mulohazalik, mardlik va jasurlik bizga haqiqiy ibrat maktabidir.
O‘z taraqqiyotining Uchinchi Renessan-siga qadam qo‘ygan O‘zbekiston xalqi uchun Boburning hayoti va ijodi haqiqiy ibrat maktabi vazifasini o‘taydi desak, aslo adashmaymiz. Zero, hozirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan Taraqqiyot strategiyasining zamirida ham Bobur kabi buyuk zotlar bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli yo‘llarning achchiq saboqlari, ularning orzu-maqsadlari yotibdi. Ularga amal qilish biz uchun foydadan xoli emas. Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi mana shunday sharafga va e’tiborga loyiqdir.
Abdulhay Sobirov,
filologiya fanlari doktori, professor,
(Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti)
Abdulahad Shukurov,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent

