Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining yigirma oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid muhim masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada asosiy e’tibor hududlarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarni hokimlik tizimiga integratsiya qilishga qaratildi. O‘zbekiston Iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy-tadqiqot markazi direktori S. Xudoyqulov tomonidan viloyat iqtisodiyotining mavjud salohiyati, zaxira va imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda tizimli muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Sessiyada “Aql markazi – hokimliklar – xalq deputatlari Kengashi” hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish, viloyat iqtisodiyotini ilmiy asosda rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish, belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, viloyat mahalliy byudjetining II chorak yakunlari bo‘yicha shakllangan qo‘shimcha mablag‘lardan foydalanish hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Deputatlar mas’ullarning hisobot va axborotlarini tinglab, muhokamalar davomida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bildirilgan taklif va qo‘shimchalar inobatga olingan holda kun tartibidagi uchala masala bo‘yicha qaror loyihalari tasdiqlandi.
Sessiyada qabul qilingan qarorlar viloyat iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, hududlarni barqaror rivojlantirish va boshqaruvda ilmiy yondashuvlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

