Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Sh. Shukurov hamda universitet rektori A. Toshqulov ishtirokida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 310-son qarori ijrosini ta’minlash, aholini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish va profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Mahallamizni favqulodda vaziyatlardan muhofazalangan hududga aylantiramiz” shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish va gaz-havo aralashmasi chaqnashining oldini olish maqsadida zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan “Damas” rusumli maxsus avtomashinalar tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur tashabbus aholi xavfsizligini ta’minlash va favqulodda holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

