Termiz shahridagi Yoshlar markazida Surxondaryo viloyati maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Shaxmat festivali” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 30 nafar yosh shaxmatchi ishtirok etdi.
Shaxmat o‘yinining erta yoshda o‘rganilishi bolaning mantiqiy fikrlash, diqqatni jamlash va qaror qabul qilish qobiliyatlarini rivojlantiradi. Yosh festival ishtirokchilari o‘rtasida kechgan bellashuvlar qiziqarli va murosasiz bo‘lib, har bir o‘yin bolalarda intellektual salohiyatni oshirish va strategik fikrlashni mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakunda o‘g‘il bolalar o‘rtasida 1-o‘rinni Mirkamol Normamatov (Boysun tumani, 7-sonli DMTT), qiz bolalar o‘rtasida esa Xusniya Nuriddinova (Termiz shahri, “Volshebniy zamok” NMTT) egalladi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday festivallar yosh avlodning ijodiy va mantiqiy qobiliyatlarini shakllantirish, shaxmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda sog‘lom raqobat ruhida o‘sishiga katta hissa qo‘shadi.

