Keksalarga g‘amxo‘rlik — ma’naviy burch

Date:

Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, ayniqsa, keksa avlod vakillariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan o‘lchanadi. Zero, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz, yurtimizdagi barqaror taraqqiyot zamirida ana shu tabarruk insonlarning mehnati, sabri va hayot tajribasi mujassam. Shu ma’noda keksalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib sharoit yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas.

Yaqinda O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi “Ayollar qanoti”, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari, “Manguzar” mahallasi raisi, mahalliy Kengash deputatlari Sh.Allamurodova, B.Rahmatullayev hamda Termiz shahar Kengashi apparati rahbari F.Tangirovlar Termiz shahridagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga xizmat ko‘rsatish markazi”ga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida markazda yaratilgan sharoitlar, keksalar uchun joriy etilgan individual dasturlar, sport mashg‘ulotlari, reabilitatsiya va korreksion jarayonlar bilan yaqindan tanishildi. Qariyalar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazilib, ularning kayfiyati, fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.

2025-yil 2-iyuldan 20 o‘rin bilan o‘z faoliyatini boshlagan mazkur markazda bugungi kunda 17 nafar keksa parvarish qilinmoqda. Jamoa 5 nafar xodimdan iborat bo‘lib, ular orasida haydovchi, ikki nafar hamshira, ikki nafar oshpaz va ish boshqaruvchi faoliyat yuritmoqda.

Markaz o‘z faoliyatini dastlab ikki nafar keksa bilan boshlagan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida xizmat ko‘lami kengaydi. Eng muhimi, sog‘lomlashtirish va parvarish ishlari samara bermoqda. Masalan, “Bog‘zor” mahallasida yashovchi Chinnixol Choriyeva markazga oyoqlarda shish va yuqori qon bosimi bilan murojaat qilgan bo‘lsa, hozirda sog‘lig‘i tiklanib, mamnuniyat bilan uyiga qaytgan. Shuningdek, “Manguzar” mahallasida yashovchi Sayyora Rajabova insult tashxisi bilan aravachada keltirilgan bo‘lsa, bugun qo‘ltiqtayoq yordamida mustaqil harakatlanmoqda. Bu kabi misollar markaz faoliyati samaradorligining yaqqol dalilidir.

Markazda keksalar uchun barcha qulayliklar mavjud, zamonaviy jihozlangan yotoqxona va oshxona, 200 dan ortiq badiiy adabiyotga ega kutubxona, sog‘lomlashtirish uskunalari bilan ta’minlangan sport xonasi va 6 ta tikuv mashinasi bilan jihozlangan mehnat mashg‘ulotlari xonasi ularning xizmatida.

Ayniqsa, mehnat terapiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Onaxonlar ko‘rpacha, yostiq va turli kiyim-kechaklar tikib, nafaqat o‘zlariga, balki yaqinlariga ham hadya qilmoqdalar. Bu esa ularning hayotga qiziqishi va faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, keksalarning madaniy xordiq chiqarishlari uchun ziyorat va sayohatlar ham tashkil etilmoqda. Jumladan, 15 nafar keksa Registon maydoni hamda Termiz ota ziyoratgohiga sayohat qilib keldi. Bu kabi tadbirlar ularning ma’naviy dunyosi va ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markazga keluvchi keksalar har kuni soat 8:00 da maxsus ajratilgan transport orqali uyidan olib kelinib, kechqurun soat 17:00 da yana uylariga yetkazib qo‘yiladi. Bu esa xizmatning tizimli va mas’uliyatli yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda aholining keksayib borishi sharoitida bunday markazlar faoliyati juda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ular nafaqat tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatadi, balki keksalarni ijtimoiy hayotdan chetda qolib ketmasligini ta’minlaydi. Reabilitatsiya, mehnat terapiyasi va madaniy tadbirlar orqali ularning ruhiy barqarorligi mustahkamlanadi.

Markaz rahbariyati va jamoasining tashabbuskorligi, tadbirkorlik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Diydor shirin” MCHJ rahbari Halima Qlichevaning ta’kidlashicha, keksalarning duosi va quvonchi ularni faoliyatni yanada kengaytirishga ilhomlantirmoqda.

Keksalarga g‘amxo‘rlik – bu faqat ijtimoiy majburiyat emas, balki ma’naviy burchdir. Termiz shahridagi mazkur markaz faoliyati shuning yorqin namunasidir. Qisqa fursatda erishilgan natijalar, keksalarning sog‘lig‘idagi ijobiy o‘zgarishlar va ularning yuzidagi mamnuniyat tabassumi bu xayrli ishlarning to‘g‘ri yo‘lda ekanini ko‘rsatadi.

Inson qadri ulug‘langan jamiyatda keksalar e’tiborsiz qolmaydi. Chunki kechagi fidoiy mehnat egalariga bugungi ehtirom – ertangi barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi matbuot xizmati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Hashar qizg‘in tus oldi

13–14-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan...

Avtodrom barpo etilmoqda

Oltinsoy tumani, "Bo‘ston" mahallasida joylashgan 1-son texnikum hududida zamonaviy...

Iqtidorli yoshlar sahnaga chiqdi

Termiz shahar 1-sonli madaniyat markazida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Surxondaryo...

Yurt obodligi – mahalladan boshlanadi

Surxondaryo viloyatida “Yurt obodligi – avvalo, mahalladan boshlanadi” shiori...
KunTun
KunTun