Termiz tumani hokimi Shuxrat Qalandarov tashabbusi bilan yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun bepul o‘quv kurslari tashkil etildi. Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida ingliz va yapon tillarini o‘rgatuvchi mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yildi.
Haftada ikki kun davomida o‘tkaziladigan bir oylik kurslar yoshlar uchun mutlaqo bepul bo‘lib, barcha xarajatlar mahalliy budjet hisobidan qoplanadi.
Yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kurslarning tartibi tushuntirilib, ularni keng targ‘ib etish bo‘yicha mahallalardagi Yoshlar yetakchilariga vazifalar belgilandi. Mazkur tashabbus yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning kelajakdagi ta’lim va mehnat imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

