Ta’lim sifati va yoshlar kamoloti hududlar taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi. Shu bois, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifi davomida ko‘rsatkichlari past, murakkab sharoitda faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalaridagi muammolarni manzilli o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilamoqda.
Viloyat rahbari Qumqo‘rg‘on tumanidagi 68-umumta’lim maktabida bo‘lib, ilgari berilgan topshiriqlar ijrosi hamda ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari hamda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilari tomonidan “og‘ir” toifadagi maktablarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar va istiqbolli rejalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Yig‘ilishda sport sohasini rivojlantirish, yoshlar seleksiyasini tizimli yo‘lga qo‘yish, sport infratuzilmasini mustahkamlash hamda ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi chora-tadbirlar ham atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ommaviy sportni kengaytirish orqali sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muborak Ramazon oyi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha ham aniq topshiriqlar berildi.
Ko‘tarilgan masalalar nafaqat alohida sohalarni, balki hududning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Ta’lim sifati, sport infratuzilmasi va kuchli ijtimoiy himoya tizimi — barqaror taraqqiyot hamda aholi farovonligining muhim omillaridir.

