Britaniyaning Golden Eagle Luxury Trains turoperatori Pekin–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi hashamatli temiryo‘l sayyohlik dasturini ishga tushirishini e’lon qildi. «Poyezdda Buyuk Ipak yo‘li» deb nomlangan ushbu safar 22 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlaridan o‘tadi.
Umumiy uzunligi 3 862 kilometr bo‘lgan yo‘nalish Pekindan boshlanib, Toshkentda yakunlanadi. Dasturga Buyuk Xitoy devori, terrakota armiyasi, Mogao g‘orlari, shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy maskanlarga tashriflar kiritilgan.
Sayohat narxi ikki kishilik joylashuvda bir kishi uchun 50 700 AQSH dollaridan boshlanadi. Birinchi reys 2026-yil 21-sentyabrdan 12-oktyabrgacha amalga oshiriladi.

