O‘zbekiston Respublikasi “Jonli tabiat” jamoat birlashmasi Surxondaryo viloyati bo‘limi hamda O‘zbekiston ekologik harakati tashabbusi bilan “Sog‘lom muhit – inson salomatligi” g‘oyasi asosida muhim ekologik loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyiha atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanish jarayonlarining oldini olish, ekologik muvozanatni saqlash hamda aholi salomatligini mustahkamlashga qaratildi.
Loyiha doirasida Jarqo‘rg‘on tumani, “Qorayantoq” mahallasining 20 gektar hududida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Xususan, hududning tabiiy-iqlim sharoitiga mos, qumli va sho‘rlangan yerlar uchun eng maqbul o‘simliklardan biri hisoblangan 200 ming dona saksovul ko‘chatlari ekildi, shuningdek 300 kilogramm saksovul urug‘i qadab chiqildi.
Mazkur tadbirlar shamol va tuproq eroziyasining oldini olish, qum ko‘chishlarini kamaytirish, havoning sifatini yaxshilash hamda hududda barqaror ekologik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, loyiha doirasidagi ishlar aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, jamoatchilikning tabiatni asrash borasidagi mas’uliyatini oshirishga muhim hissa qo‘shmoqda.
Ushbu tashabbus “Jonli tabiat” jamoat birlashmasining ekologik muammolarga qarshi kurashish, yashil hududlarni kengaytirish va kelajak avlod uchun sog‘lom hamda barqaror muhit yaratishga qaratilgan izchil faoliyatining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

