Boysun tumanidagi 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining qo‘shimcha o‘quv binosi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu yangi bino boshlang‘ich sinflarda chet tillarini o‘qitishga mo‘ljallangan.
Denov tumanidagi 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini ta’mirlash bo‘yicha belgilangan 1,5 milliard so‘mlik “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasidagi ishlar to‘liq yakunlanib, maktab hududida 1 dona sun’iy qoplamali stadion bunyod etildi hamda qolgan mablag‘ hisobidan maktabning ta’mirtalab binolarida zarur ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Muzrabot tumanidagi 4R110 “Sherobod – Poshxurt –Oqtosh – Muzrabot” avtomobil yo‘lining 6 kilometr qismi foydalanishga shay. Joriy yilda Yo‘l ishlari davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ushbu yo‘l loyihalari uchun jami 78,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, ushbu yo‘l zamonaviy standartlarga muvofiq 4 tasmali etib barpo qilindi.
Termiz davlat universiteti talabalari uchun barpo etilgan 800 o‘rinli 8-talabalar turar joyi binosi foydalanishga topshirildi. Talabalar turar joyida yigit-qizlarning yashashi va ta’lim olishlari uchun barcha qulayliklar hamda zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Sherobod tumanida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-39 va M-41 avtomobil yo‘llarini bog‘lovchi, Sherobod daryosi ustidan qurilgan yangi ko‘prik ishga tushirildi. Ushbu loyiha hududlararo qatnovni yengillashtiradi, iqtisodiy aloqalar, savdo va logistika jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.

