San’at qadimdan — insoniyat paydo bo‘lishi va mehnat jarayonlari taraqqiyoti bilan bog‘liq holda shakllanib kelmoqda. Ilk bor Yunonistonda miloddan avvalgi 590-yilda “Pifiya o‘yinlari” tashkil etilgan. 1856-yil Bryusselda ilk xalqaro musiqa tanlovi bo‘lib o‘tgan. Asrlar silsilasidan yanada sayqal topib o‘tgan san’at bugun ham o‘z jilosini sochmoqdaki, bu insoniyatga katta ma’naviy ozuqa bo‘lib xizmat qilayotir.
Bu esa yurtimizda, butun dunyoda jarang sochayotgan kuy-qo‘shiqlar, ohanglar ko‘rinishida siz-u bizga yetib kelmoqda. Respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘plab tanlov va festivallar esa iqtidorlarni kashf etmoqdaki, bundan qalbimiz g‘urur va iftixorga to‘lmoqda. Ana shunday nufuzli tanlov va festivallarga
“San’at bayrami”, “Marhabo talantlar”, “Alla ijrochilari”, “Asrlar navosi”, “O‘zbekiston — vatanim manim”, “Sharq taronalari”, “Boysun bahori”, “Aziz ona yurt ohanglari”, “Ilhom — XX”, “Nihol”, Zulfiyaxonim hamda Baxshilar festivali kabi ko‘plab tanlov va festivallar shular jumlasidandir.
“Yangi O‘zbekiston talantlari —2025” ko‘rik-tanlovi ham ushbu tanlovlarning ma’naviy davomi bo‘ldi deyish mumkin. Termiz shahridagi 1-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida ushbu tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov nizomiga ko‘ra, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasi ishtirok etgan tanlovda “An’anaviy xonandalik”, “Cholg‘u ijrochiligi”, “Tasviriy san’at” hamda Xoreografiya” yo‘nalishlarida iqtidorlarini namoyish etdi.
“An’anaviy xonandalik” yo‘nalishida ishtirokchilar betakror ovoz ohangi, sahnadagi xushmuomalaligi va xalq qo‘shiqlariga bo‘lgan mehrlari bilan ajralib turgan bo‘lsa, “Cholg‘u ijrochiligi”da o‘z cholg‘usining “tilini topgan”, ruhini his qila olgan mohir ijrochilar maydonga chiqdi. Har bir chiqish tomoshabinlarni maftun etib, musiqaning chuqur mazmunini yetkazib berdi.
Surat chizishda ham ijodkorlar rangtasvir orqali qalblaridagi tuyg‘ularni o‘ziga xos tarzda ifodalashdi. Har bir asarda ma’no va tasavvur jilvalari muhrlangan bo‘lib, ranglar uyg‘unligi, kompozitsiya va tasvirning nafisligi ulardagi yuksak didni namoyon qildi.
Raqs san’atida ishtirokchilar sahnaga ko‘tarilgan zahoti o‘zidagi energiya, harakatlar mosligi va ritm sezgirligi bilan barchani hayratga soldi. Milliy raqslar nafisligi, zamonaviy uslublarning jozibasi va plastik harakatlarning ravonligi orqali ular o‘z iqtidorlarini yorqin namoyon etishdi. Har bir raqsda hikoya, har bir qadamlarda esa his-tuyg‘u mujassam edi.
Ana shunday yuksak ma’no va mazmun kasb etgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra barcha ishtirokchilar munosib rag‘batlantirildi. Dastlab, hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning ustozlari rag‘batlantirildi. An’anaviy xonandalik yo‘nalishi bo‘yicha Termiz davlat universiteti talabalari Husniddin Xalimqulov “Vatan seni sevaman” qo‘shig‘i uchun, “Cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishida Oyjamol Jabbarova o‘zining “Prelyudiya fuga asri” bilan, “Xoreografiya”da yakkaxon ijroda Go‘zal Mardayeva “Surxon mavjlari” raqsi bilan, “Jayhun” folklor xalq ansambli jamoaviy ishtiroki uchun faxrli Gran-priga munosib topildilar. G‘oliblar Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan ko‘rik-tanlov yana bir bor yoshlarning iqtidorini, san’atga bo‘lgan mehr va sadoqatini yorqin namoyon etdi. Kuylangan har bir qo‘shiq, chalingan har bir ohang, chizilgan har bir tasvir va ijro etilgan har bir raqs ishtirokchilarning o‘z ustida tinimsiz ishlayotgani, ijodga mehr qo‘yganini yaqqol ko‘rsatdi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilar nafaqat o‘z mahoratlarini namoyish etdi, balki tomoshabinlarga yuksak kayfiyat, ilhom va zavq ulashdi. Ushbu tanlov san’atning birlashtiruvchi qudratini, ijodkor yoshlarning kuchli salohiyatini va ulkan kelajak sari intilishlarini yana bir bor tasdiqladi.
Zaytuna Abdullayeva,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi
Go‘zal Mardayeva,
talaba

