Angor tumanida elektr ta’minoti tizimini barqaror ishlatish hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mutaxassislar tomonidan transformatorlarni mukammal holatga keltirish va profilaktik ta’mirlash, izolyatorlarini tozalash, 0,4 kVli kommutatsion apparatlarni yangilariga almashtirish va transformatorlarni bo‘yash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar elektr ta’minoti sifatini oshirish hamda aholi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Boysun tumanidaGI Xo‘jamayxona darasida zamonaviy turizm markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar qizg‘in pallada. Hudud uchun ishlab chiqilgan master-rejaga muvofiq, zip-layn, kapsulali uylar, “hiking”, “hard trekking”, 5 kilometrli velo va piyoda yo‘laklari, shuningdek, boshqa zamonaviy turizm infratuzilmasi loyihalari amalga oshirilmoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanida salomatlik marafoni hamda “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish tadbirlari o‘tkazildi. Unda ko‘ngilli yosh-u keksa ishtirok etdi. Tuman markaziy o‘yingohida badantarbiya mashg‘ulotlaridan so‘ng, barcha ommaviy tarzda marafonga qo‘shildi. Tadbir doirasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish mavzularida ko‘rgazmali bannerlar namoyish qilindi.
Sariosiyo tumanida ulg‘ayayotgan yosh avlod ijodda, sportda, ilm-fanda ham katta marralarni ko‘zlagan. Tumandagi 94-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ibrohimbek Allayev ham ana shunday umidli yoshlardan. U Toshkent shahrida 20 ta davlat sportchilari ishtirokida o‘tkazilgan Muay-tay bo‘yicha Osiyo chempionatida mutlaq g‘olib bo‘ldi.
Sherobod tumanidagi markaziy ko‘chalarda havo sifatini yaxshilash, chang ko‘tarilishining oldini olish maqsadida maxsus texnikalar yordamida muntazam ravishda suv sepish, daraxt va yashil hududlarni yuvish, shuningdek, shahar markazidagi favvoralarni ishga tushirish ishlari tashkil etildi. Ushbu choralar havo tarkibidagi chang miqdorini kamaytirish, havoning tabiiy tozalanish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi. Sherobodda boshlangan tashabbus viloyat miqyosida keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

