UMUMIY TARIX, AZALIY QADRIYATLAR VASTRATEGIK HAMKORLIK ISTIQBOLLARI

Date:

Global siyosiy maydonda turli to‘qnashuvlar, ichki beqarorlik va davlatlar o‘rtasidagi keskinliklar hanuzgacha davom etmoqda. Ana shunday murakkab va ziddiyatli geosiyosiy manzara fonida Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik jarayonlari xalqaro hamjamiyatning alohida e’tiborini o‘ziga qaratmoqda.
O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo bosh omil hisoblanadi. Chunki mintaqaning tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti mamlakatning umumiy rivojlanish manfaatlari bilan uzviy bog‘liq. Shu boisdan O‘zbekiston mintaqada tinchlikni saqlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash va qo‘shni davlatlar yetakchilari bilan strategik muloqotni chuqurlashtirishga katta ahamiyat qaratmoqda.
Bugungi yangi Markaziy Osiyo siyosiy qiyofasining shakllanishi mintaqa tarixida yangi sahifa ochayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Yillar davomida turli sinovlarga duch kelgan bu hudud endilikda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va pragmatik hamkorlik asosida birlashib, global siyosatda o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda. Ayniqsa, Davlat rahbarlari darajasidagi doimiy muloqot, Markaziy Osiyo sammitlarining an’anaga aylanishi, uzoq yillar davomida yechim kutgan chegara masalalarining muzokaralar yo‘li bilan hal etilayotgani — bularning barchasi integratsiya jarayonlarining qay darajada jadal tus olganini ko‘rsatadi.
Tarixan ham mintaqa yirik davlatlar manfaatlari kesishgan makon sifatida global e’tibor markazida bo‘lgan. Ammo bugungi kunda Markaziy Osiyo bu e’tiborni faqat geosiyosiy joylashuvi tufayli emas, balki o‘zining mustaqil siyosiy irodasi va mintaqaviy hamkorlik madaniyatini shakllan-tirgani sabab jamlab olmoqda. Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo plyus” formatida AQSH, Xitoy, Rossiya va Yevropa Ittifoqi bilan yo‘lga qo‘yilgan muntazam muloqotlar mintaqaning xalqaro maydondagi ovozini yanada baralla yangratmoqda. Bu muloqotlar nafaqat diplomatik aloqalar doirasini kengaytirmoqda, balki Markaziy Osiyoni global siyosatdagi mavqeyini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda. Qisqasi, bugungi Markaziy Osiyo — kelajakka intilayotgan, o‘z yo‘lini aniq belgilagan va xalqaro maydonda tobora faol va mustahkam o‘ringa ega bo‘lib borayotgan strategik maydonga aylanib bormoqda.
O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Mamlakatning Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan chegaradosh ekani uni tabiiy ravishda mintaqaning asosiy siyosiy halqasiga aylantiradi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari bugungi kunda mintaqaviy siyosiy muloqotning asosiy institutsional maydoniga aylandi. Mazkur uchrashuvlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni strategik darajaga ko‘tarib, mintaqaning umumiy manfaatlar asosida birlashgan siyosiy nuqtayi nazarini shakllantirmoqda.
Bugun mintaqa xalqlarini asrlar davomida bog‘lab kelgan milliy qadriyatlar, madaniy an’analar, umumiy tarixiy ildizlar hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylanmoqda. Bu omillar nafaqat davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi munosabatlarda, balki qo‘shni hududlar o‘rtasidagi kundalik hayot, savdo, bordi-keldi, oilaviy va mahalliy darajadagi do‘stona munosabatlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Chegara oldi hududlar o‘rtasidagi gumanitar muloqotning kengayishi esa mintaqaviy yaqinlashuvning eng ishonchli ko‘rsatkichidir.
Xulosa qilib aytganda, bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida shakllanayotgan hamkorlik va integratsiya jarayoni, avvalo, mintaqa rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va strategik qarashlari samarasidir. Bu iroda natijasida davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro muloqot yangi bosqichga ko‘tarilib, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar aloqalar izchil, tizimli va samarali yo‘lga qo‘yildi. Aslida, bu jarayonlar Markaziy Osiyoning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini aniq ko‘rsatib turibdi. Mintaqaviy integratsiya birlashgan, barqaror rivojlanayotgan, hamkorlikni ustuvor qadriyat deb biladigan, xalqlarni yaqinlashtiruvchi yagona omil hisoblanadi. Shu yo‘ldan cheklanmasdan, hamjihatlikda ilgarilash — kelajak muvaffaqiyatining asosiy kafolatidir.

Hakim Rasulov,
TerDU professori, siyosiy fanlar nomzodi

Oldingi sahifaKeling, kelishamiz..!
Keyingi sahifa1,3 trillion tejaladi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun