“Zhongtong” — shaharning “arteriyasi”

Date:

So‘nggi yillarda Termiz shahrida jamoat transporti tizimini modernizatsiya qilish borasida katta ishlar
amalga oshirilmoqda.Bugungi globallashuv davrida shahar infratuzilmasining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri bu – jamoat transporti tizimidir. Ayniqsa, avtobus qatnovi aholining kundalik hayotida eng ommaviy, iqtisodiy jihatdan tejamli va ekologik toza transport turi sifatida alohida o‘rin tutadi. Qulay va muntazam ishlaydigan transport tizimi — bu nafaqat harakatlanish vositasi, balki shahar hayotining “arteriyasi”, insonlarning mehnat, ta’lim va madaniy faoliyatini bog‘lab turuvchi asosiy omildir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-sonli qaror ijrosi doirasida Termiz shahrida jamoat transporti xizmat ko‘rsatish jozibadorligi va qamrov darajasini oshirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining “Zhongtong” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Natijada, shahar transport tizimiga
35 dona zamonaviy, barcha qulayliklarga ega “Zhongtong” rusumli avtobuslar olib kelindi.
Ushbu avtobuslar uzunligi 9 metr, yo‘lovchi o‘rinlari 24 ta, umumiy sig‘imi esa 61 kishini tashkil qiladi. Avtobuslar isitish va sovutish moslamalari bilan jihozlangan bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun o‘rta eshikda maxsus moslama o‘rnatilgan. Bu esa ularga aravachalar bilan chiqib tushish imkoniyatini beradi.
Avtobuslar yo‘lkira haqini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (ATTO) orqali to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lib, naqd pul to‘loviga nisbatan 30 foizgacha chegirmalar beriladi. Bundan tashqari, bugungi kunda Termiz shahrida jamoat transporti xizmatining sifatini yanada oshirish, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda avtobuslarning belgilangan qatnov jadvallariga qat’iy rioya qilishini ta’minlash maqsadida joriy yilning 1-dekabridan boshlab 3 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida yo‘lovchi tashish yo‘lga qo‘yiladi va yo‘lkira haqini to‘lashda naqdsiz to‘lov tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.
Shahar va shahar atrofidagi yo‘lovchi tashish tizimlarida avtobus transportidan foydalanish shaxsiy avtomobillar sonini kamaytirib, yo‘llardagi harakatni yengillashtiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, har bir jamoat avtobusi o‘rtacha 40 ta shaxsiy avtomobilning o‘rnini bosadi. Bu nafaqat tirbandlikni kamaytiradi, balki atrof-muhitga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorini ham sezilarli darajada pasaytiradi. Shu jihatdan, jamoat transporti ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita hisoblanadi.
So‘nggi yillarda Termiz shahrining rivojlanish sur’ati oshib, ta’lim va ishlab chiqarish sohalarida yangi hududlar shakllanmoqda. Xususan, Termiz davlat pedagogika instituti Termiz tumanidagi Limonariya hududiga ko‘chirildi. Bu qaror o‘quv jarayonini yaxshilash, yangi binolardan foydalanish imkonini bersada, muntazam qatnovchi jamoat transporti yo‘nalishlarining yo‘qligi talabalar va o‘qituvchilar uchun sezilarli noqulaylik tug‘dirayotgan edi.
Bugungi kunda talabalar o‘quv joyiga yetib borishda shaxsiy mashina, taksi yoki yo‘lovchi tashuvchi xususiy transport vositalariga tayanishga majbur bo‘layotgandi. Bu esa har kuni yuzlab insonlar uchun iqtisodiy va vaqt jihatdan ortiqcha xarajatni keltirib chiqarishi shubhasiz. Mazkur muammoni hal etish maqsadida Termiz shahar va tuman transport xizmatlari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan jamoat transporti tizimining yo‘lga qo‘yilishi – nafaqat talabalar va o‘qituvchilar uchun qulaylik, balki butun shahar transport tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Abdimurot Kuziyev,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti dotsenti

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

Hududlarda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, yangi...

Majolis un-naf(oyi)s

Demak, hazrat Navoiy davrida ham majlislar bo‘lgan. Shundan ruhlanib,...

Siz bahorning o‘zisiz — Ustoz

Men bahor faslini yoqtiraman. Chunki ustozim — yuragimdagi eng...

Majburiyatni bilasizmi?

Ko‘pchilik sog‘lig‘iga faqat kasallik alomatlari sezilganda, e’tibor beradi. Aslida...
KunTun
KunTun