Siz bahorning o‘zisiz — Ustoz

Date:

Men bahor faslini yoqtiraman. Chunki ustozim — yuragimdagi eng ardoqli inson — bahor faslida dunyoga kelganlar. Bahor — uyg‘onish, yangilanish, yasharish fasli.Bahor kelishi bilan yer bag‘ridan nish urgan giyohlar kabi bizning qalbimizda ham ustozim saboqlari ko‘karadi. U zotning har bir so‘zlari, har bir darslari bahordek nafis, bahordek iliq, bahordek hayotbaxsh. Go‘yo ular inson emas — bahorning o‘zi, tabiatning uyg‘onishi, mehrning ifodasidir.
Jamila Ubaydullayeva 1963-yil 26-aprelda dunyoga kelgan. Bu inson maktab davridan boshlab bilimga chanqoqliklari, namunali xulqlari bilan boshqalardan ajralib turganlar. Barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirganlar, avvaliga matematikaga, keyinchalik esa adabiyotga oshno bo‘lganlar. Ayniqsa, so‘z sehrini anglash, badiiy nutq sirlarini o‘rganish ularga ilhom bergan. Otalari huquqshunos, onalari shifokor bo‘lishini istagan bo‘lsa-da, ular yurak amriga quloq solib, ta’lim yo‘lini tanladilar. Adabiyotiga bo‘lgan mehr va ehtirom ularni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutiga yetakladi. Bu yerda ilmiy asosda ona tilimiz va adabiyotimizning nozik jihatlarini chuqur o‘rgandilar, bu yo‘nalishdagi salohiyatlarini yanada mustahkamladilar.
Institutni muvaffaqiyatli tamomlagach, ish faoliyatini o‘zlari tahsil olgan Sariosiyo tumanidagi 72-maktabda (hozirgi 37-maktab) boshladilar. Mehnatsevarlik, mas’uliyat hissi va ustozlik burchiga bo‘lgan sadoqat ularni ta’lim sohasida yuksak cho‘qqilarga olib chiqdi. Sharg‘un shahridagi 1-Iqtidorli bolalar maktab-internatida, so‘ng Sariosiyo tumanidagi 4-son akademik litseyda faoliyatlarini davom ettirdi.
Har bir darsida o‘quvchilarga nafaqat bilim, balki tarbiya, ruhiyat, shukronalik hissi va yurtga muhabbat kabi go‘zal hissiyotlarni singdirib keldilar. O‘quvchilari ustozni nafaqat bilim beruvchi, balki hayot yo‘lini ko‘rsatuvchi yo‘lchi yulduz sifatida qadrlashadi. Hozirgi kunda esa Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida faoliyat olib bormoqdalar. Bu dargohda kelajakdagi o‘zbek tilshunoslari, adabiyotshunoslar va eng asosiysi — yangi avlod ustozlari tarbiyalanmoqda. Ustozimiz ularni nafaqat ilmga, balki kasbga sadoqat, oilaga muhabbat, sharqona fazilatlar ruhida tarbiyalamoqdalar, hayotiy saboqlar berib kelmoqdalar.
Adabiyotga bo‘lgan mehr-muhabbat ustozni shoiralik sari yetakladi. O‘z she’rlarini to‘plab “Dardlarim” deb nom bergan kamtarin, serqirra iste’dod egasi bo‘lgan muallifning ijodi har bir shogirdning yurak to‘ridan o‘rin olgan. Quyidagi satrlari insonni beixtiyor o‘ylashga, mulohaza yuritishga, ezgulik libosini kiyishga undaydi:
Hasadgo‘y hasad-la kemirar ichin,
Oqilga choh qazir erta-yu kechin,
Xayolan zavq olar yo‘qotib tinchin,
Yashamoq mushkuldir, mushkul, azizim.
Ustozning hayoti, faoliyati har bir yosh muallim uchun ibrat maktabidir. Har bir shogirdi o‘z hayoti davomida ustozning o‘gitlaridan dalda oladi, ruhan o‘sadi. Ustozimning hayotga bo‘lgan mehri, shogirdlariga bo‘lgan e’tibori, sabr-toqati, tarbiyaviy ta’siri bir umr qalbimizda yashaydi.

Mavluda Karimova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika
instituti talabasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda

Hududlarda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish, yangi...

Majolis un-naf(oyi)s

Demak, hazrat Navoiy davrida ham majlislar bo‘lgan. Shundan ruhlanib,...

Siz bahorning o‘zisiz — Ustoz

Men bahor faslini yoqtiraman. Chunki ustozim — yuragimdagi eng...

Majburiyatni bilasizmi?

Ko‘pchilik sog‘lig‘iga faqat kasallik alomatlari sezilganda, e’tibor beradi. Aslida...
KunTun
KunTun