Madaniyat va san’at — xalqlar o‘rtasidagi eng samimiy til, eng ta’sirchan diplomatik vositadir. O‘zbekiston bugun aynan shu yo‘nalishda jahon bilan faol hamkorlik qilib, xalqaro maydonda o‘z ovoziga ega bo‘lmoqda.Shu ma’noda, ayni kunlarda o‘tkazilayotgan X Yevropa Kino festivali mamlakatimiz madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida tarixga kiradi. Festival ilk bor Termiz shahrida o‘tkazilayotgani esa madaniyatlar chorrahasida yangi sahifani ochdi.
Festival davomida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Suhbat chog‘ida tomonlar Yevropa Kinofestivalining Termizda o‘tkazilishi yuzasidan fikr almashib, ushbu tashabbus xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam ekanini ta’kidladilar.
Viloyat rahbari elchiga festivalni Surxondaryoda o‘tkazish tashabbusi hamda ko‘rsatgan amaliy yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda madaniyat bilan bir qatorda ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, raqamli transformatsiya va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar festivalning maqsadini quyidagicha ifoda etdi:
— Yevropa Kino festivali — bu shunchaki kino namoyishlari emas, balki odamlarni chegaralardan tashqarida birlashtiradigan umumiy hikoyalardir. Yevropa kinorejissyorlari nigohi orqali biz his-tuyg‘ularimiz, orzularimiz va tajribalarimiz qanchalik o‘xshashligini ko‘ramiz. Festival o‘n yildan buyon Yevropa bilan O‘zbekistonni yaqinlashtirib, yangi hududlar va tomoshabinlarga yetib borib, do‘stlik va madaniy almashinuvning yorqin ramziga aylangan. Bu yilgi namoyish avvalgilaridan farqli o‘laroq, mamlakat poytaxtidan viloyatlarga ham ko‘chdi. Tanlab olingan 12 mamla-katning turli janr va yo‘nalishdagi ajoyib filmlari o’zbek tomoshabinini maftun etishi tabiiy.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda faqat xorij filmlarini namoyish etish bilangina cheklanib qolmaydi. Balki yosh o‘zbek kinoijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash, kinooromgohlar tashkil etishga ham xizmat qilish bilan birga, mahalliy yosh rejissyorlarning debyut filmlarini moliyalashtirish kabi tashabbuslarda ham faol ishtirok etadi. Bu hamkorlik o‘zbek kinosining yangi avlodini shakllantirish, xalqaro sahnaga olib chiqish va milliy kinematografiyani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlash o‘rinliki, Ittifoq tashabbusi bilan kelasi hafta Varshava shahrida O‘zbekiston kino haftaligi o‘z faoliyatini boshlaydi. Bu — milliy kinomizning Yevropa tomoshabinlari e’tiboriga chiqishi, ijodkorlarimiz uchun esa o‘z asarlarini xalqaro sahnada namoyish etish imkoniyatidir. Bu tashabbus O‘zbekistonning ochiq, bag‘rikeng va ijodga tayanadigan yangi madaniy siyosatini namoyon etadi. Yevropa Ittifoqi bilan birgalikdagi bu hamkorlik esa kelajak avlod san’atkorlari uchun mustahkam ijodiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Termizda boshlangan festival doirasida taqdim etilayotgan filmlar orasida “eng zo‘r” deb ataladigan tijorat asarlari emas, balki eng yaxshi g‘oya, hissiyot va badiiyat uyg‘unligini ifodalagan, turli janr va yo‘nalishlarni qamrab olgan san’at namunalari tanlab olinganligini alohida e’tirof etarkan, Toyvo Klaar vakolati doirasida madaniy hamkorlikning yuksak namunasida o‘zaro bahamjihat bo‘lgan surxondaryoliklarga o‘zining samimiy minnatdorchiligini izhor etdi.
Лelajak uchun ijodiy poydevor
Date:

