Boysun tumanidagi 7-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025-yil 29-avgustdagi 323-son buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xodimlari, tumandagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari hamda tajribali tarbiyachilar ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi — 323-sonli buyruq mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganish, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida hujjatlarni yuritish madaniyatini takomillashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda pedagogik jarayonni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga buyruqning asosiy talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi, hujjatlarni yuritishdagi zamonaviy yondashuvlar, boshqaruv va metodik ishlarni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, tarbiyachilarning ish rejalari, kuzatuv daftarlari hamda bolalar rivojlanishini baholash tizimini to‘g‘ri yuritish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Seminar interaktiv ruhda o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan to‘liq javob oldilar. Tajriba almashinuvi jarayonida ilg‘or usullar, innovatsion yondashuvlar va ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha foydali g‘oyalar ilgari surildi. Tadbir yakunida ta’kidlandiki, bunday o‘quv-seminarlar pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, maktabgacha ta’lim sifatini yaxshilash va bolalar rivojlanishiga yanada keng imkoniyat yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.