Vatan deya urar yuragim

Date:

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismda “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘ini tashkil etildi. Unda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, viloyatimizda muqim ish joyiga ega bo‘lmagan hamda ichki ishlar nazoratida bo‘lgan 100 nafar yosh ishtirok etdi. Ushbu o‘quv-yig‘ini yoshlarning tom ma’nodagi jasoratini yuzaga chiqarishga, shijoatini uyg‘otishga xizmat qildi. 

Joriy mavsum ishtirokchilari harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi. Albatta, egnida maxsus forma kiygan soha xodimlarining mas’ulligining o‘ziyoq ishtirokchilarda ushbu tadbirning muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsata oldi. Yig‘in har jihatdan foydali va manfaatli kechdi, birinchi navbatda, yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga harbiy liboslar berildi.  Marosimda so‘z olgan harbiy qism qo‘mondonligi hamda viloyatning mutasaddi tashkilot rahbarlari ushbu yig‘in yoshlar uchun ko‘p imkoniyat va sharoitlar yaratib berishini so‘zlab, undan oqilona foydalanish lozimligini uqtirdi. O‘tgan yig‘inlarda yoshlarning erishgan yutuqlari tilga olinib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilandi.

So‘ng yoshlar o‘z qiziqishiga qarab, guruhlarga ajratildi. Aytish kerakki, har bir guruh ishtirokchilaridan qat’iy tartib-intizomga rioya etilishi talab etildi. Bu ularni bir necha kun davomida harbiylardek yashash, hayot kechirish imkonini berdi. Kun tartibida belgilangan mashg‘ulotlar esa barchani sergaklikka chorladi. Avvaliga hadik va ikkilanish ila mashg‘ulotlarga hafsala qilmagan yoshlar bir necha kun ichida o‘zgarishdi, o‘zlariga ishonchi oshdi. Buni ularni kuzatish, fikrlariga quloq tutish asnosida bilib olish qiyin emas.

Quyida ularga quloq tutamiz:

“Maqsadim  aniq”

— Ota-onadan erta ajralib, akam bilan bobomni, so‘ng amakimning qo‘lida qoldik, — deydi muzrabotlik yosh Rajif Nurmamatov. — Ta’lim-tarbiyamiz, hayot tarzimiz o‘lda-jo‘lda, ko‘p qiyinchiliklarga duch keldik. Eng yomoni, e’tiborsizlik ekan. Sizni tergaydigan, taqdiringizga qiziqadigan bo‘lmasa, ertangi kuningiz tuman ostida qolar ekan. Biz ham ana shunday holatga kelib qoldik. Yaqinda amakimni uyiga mahalla yoshlar yetakchisi bilan harbiylar o‘rganish uchun kelib, meni “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘iniga taklif etishdi. Keldim. Havasim va hayratimni yashira olmayman. Harbiy libosdagi akalarim, ularning kun tartibi meni qiziqtirib qo‘ydi. Ayniqsa, bizga biriktirilgan guruh komandirining qattiqqo‘llik bilan birga taqdirimizga qiziqishlari men qatori ko‘pchilik tengdoshlarimga manzur bo‘lgan bo‘lsa kerak. Komandirimiz orzularimiz, maqsadlarimiz bilan qiziqdi. Har birimizning javobimiz turlicha. Men harbiy bo‘lishni istashimni aytdim. Shukrki, meni harbiy qism otaliqqa olib, shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlashdi. Yotoq joy, uch mahal issiq ovqat, barcha sharoitlar muhayyo joyda faoliyat yuritishimni eshitib, quvonchim ichimga sig‘mayapti. Kelgusi yil aprel oyida muddatli harbiy xizmatga ketaman. Maqsadim aniq — yaqin kelajakda vatanim koriga yaraydigan yetuk ofitser bo‘laman.

“Imkoniyatlarimni to‘g‘ri yo‘naltirsam, chempion bo‘laman”

— Meni ham “Jasorat maktabi” o‘quv-yig‘iniga taklif etishdi, — deydi Termiz shahridan Laziz Boboxonov. — Ayni taklifga binoan keldim-u hayotga qarashlarim tamoman o‘zgardi. O‘z jismoniy imkoniyatlarimni to‘g‘ri yo‘naltirmasligimni tushunib yetdim. Bu yerdagi sport maydoniga kelib, mashg‘ulotlarga qanday sho‘ng‘ib ketganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu tayyorgarliklar bir necha kun davom etadi. Shu jihatlarini o‘ylab, harbiy akalarimdan oyiga qancha to‘lasam, meni shug‘ullantirishlari mumkinligini so‘radim. Ular hech qanday haq olmasdan yordam berishlarini aytishdi. Va maxsus kiyim bilan ta’minlab, shu kunning o‘ziyoq harbiy qism tomonidan otaliqqa olinib, “ustoz-shogird an’analari” asosida sportga jalb etildim. Marrani katta olganman, albatta, sport bilan puxta shug‘ullanib, yurtimiz nomini dunyoga tarataman.

O‘quv-yig‘inlarda ishtirok etayotgan yoshlar hayotga teran nigoh ila boqishayotir. “Jasorat maktabi” ularning yangi qirralarini kashf etib, kerakli turtkini bera oldi. Zotan, ish boshi intizomdan, yoshlar uchun yangi hayot avvali ham ayni shu mezon bilan boshlanishi quvonchli hamdir. Mazkur maktab yoshlar hayotida unutilmas fursat bo‘lish bilan birga yangi hayot debochasi ham bo‘lajak!

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Burchga sadoqat bilan…

Mamlakatimizda qonun ustuvorligi va huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalasi davlat...

Estafeta Qashqadaryoga topshirildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘quvchi yoshlar...

Manguzardagi o‘yingoh ta’mirlanadi

Ijtimoiy sohani rivojlantirish doirasida ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish,...

“Armiya va xalq – bir tanu bir jon!

Ana shunday ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy...
KunTun
KunTun