San’atdan kuch olgan ayol

Date:

Har doim ham kasb tanlayvermaymiz. Ba’zida, kasb bizni tanlaydi. Iqtidor, ichki tug‘yonlar, qiziqish, ishtiyoq — bari g‘alayon qiladi-da, hayotdagi qarashlarimizni belgilab beradi. Ichki bir ovozni eshita olgan odamgina kelajagi uchun qat’iy qaror qila oladi. Eshitmadimi, tanlagan kasbidan ham, yo‘lidan ham adashishi tabiiy. Malohat Davlatova bola kezlarikelajakda kim bo‘lishi haqida biror bora o‘ylamagan, voyaga yetib-da kasb tanlamagan. Xuddi kasbi doimo u bilan yo‘ldoshdek, qalbi go‘zallikka, ezgulikka oshufta yoshgina qizaloq tasviriy san’at darsiga mehri, hayrati bo‘lakcha bo‘lgan bolaligidanoq chizgilarga rang berdi — suratlari jonlandi. Bu mo‘jiza edi. Qanchadan-qancha manzaralar yosh rassomning qog‘ozlariga muhrlandi. Ha, Malohat xat-savodini chiqarish bilan birga surat chizishni ham mahorat ila o‘rgandi. Qiziqish bo‘lsa, ishtiyoqingiz va iqtidoringiz maqsadga yetkazmasdan qo‘ymas ekan.
“Qiz ammaga o‘xshaydi”, deyishgani bejiz emas… Harqalay, Malohat ammalariga tortdi. Qarishdoshlar Malohatning darsxonasiga kirsa, chizgan suratlariga boqib bunga amin bo‘lishardi. Iqtidor qon tortarmikan, balki kasallik singari yuqumlidir. Malohat ham surat chizish kasalligiga chalingandir. Ammo yosh rassom hech unutmaydi, asli kasbi boshqa bo‘lgan dadasi ham Malohatning ko‘z o‘ngida san’atsevar inson bo‘lib gavdalangani uni san’atdan ayro eta olmasdi:
— Dadam haykal yasardilar, oddiygina tuproq, suv qorishmasi dadamning qo‘llarida jonlanardi. Bilasizmi, buni kuzatishning o‘zi naqadar maroqli ekanligini. Bu bir necha daqiqa vaqt olar, ammo men bu daqiqalarni tugashini istamasdim. Jarayon tugagandan keyin mening yuragim g‘alayon qilardi. Men ham nimadir yasagim, chizgim kelaverardi…
Haqiqiy iqtidor ana shunday bo‘ladi. O‘zni sevimli mashg‘ulotdan ayro his etishning iloji yo‘q. Ayro his etib esa yashab bo‘lmaydi. Sherobod kengliklarida, go‘zal tabiat manzaralarini tomosha qilib ulg‘aygan Malohat Davlatova tumandagi 33-sonli umumta’lim maktabida tahsil olib, maktab rassomiga aylandi. Devoriy gazeta deysizmi, bayram va tadbirlarda surat chizish kerakmi, tanlovlarda ishtirok etishda ham eng faoli, eng iqtidorlisi deb e’tirof etilardi. Maktabni tamomlagach, o‘zidek yoshlarning safini kengaytirmoqchi bo‘ldi, o‘qituvchilik kasbini tanladi va texnikumda ham aynan tasviriy san’at yo‘nalishida o‘qidi. Malohatning oilasida uni qo‘llab-quvvatlashdi, tanlovlarini hurmat qilishdi. Texnikumni tamomlab, o‘zi o‘qigan maktabda tasviriy san’at fanidan saboq berdi. O‘g‘il-qizlarni chizishga o‘rgatdi, qiziqtirdi, san’atga oshno etdi. Bir necha yillik faoliyatidan so‘ng, turmushga chiqdi-yu, oila, hayot tashvishlari bilan bo‘lib, butun dunyodan uzilib qolgandek bo‘ldi. Shunda ham chizishni to‘xtatmasdi. To‘xtatsa, hayoti ham shu joyida to‘xtab qoladigandek qo‘rqib ketardi.
— O‘shanda yolg‘iz qoldim deguncha qog‘oz va qalamlarim, bo‘yoqlarim oldiga chopardim, nimadir qoralardim. Manzara chizish jon-u dilim. Rang tanlash, ranglar qorishmasidan yangi rang chiqarish esa yangi hayot bag‘ishlashdek gap. Ba’zan yarim kechasi uyqum uchib ketsa, darrov turardim-da, yana chizishga tushardim — deydi u.
Shu tariqa o‘tgan yillar davomida Malohat uch nafar bir-biridan shirin o‘g‘il-qizlarning onasi bo‘ldi. Onalik mas’uliyatini yelkasiga olib-da yaratuvchanlikdan chekinmadi. Oddiy, keraksiz mato qoldiqlaridan o‘yinchoqlar, qog‘ozdan qushlar yasashni kanda qilmagan qahramonimiz uchun sevimli mashg‘uloti daromad manbayiga aylandi. Yasagan va tikkanlari esa xaridorgir bo‘ldi. Biznesi — yumshoq o‘yinchoqlar, suvenirlar yasab sotish unga yanada ishonch berdi. Milliy o‘yinchoqlarga qiziqish yuqori ekani esa qahramonimizga qo‘l keldi.
Malohat tabiatan sinchkov, nimagadir qiziqsa, qarab, kuzatib, darrov o‘rganib oladi. Shu sababdanmi, tikish-bichishning ham uddasidan chiqdi. Bir-biridan ajoyib chizgilar, eskizlarining san’at asariga qiyos etilishi esa uning dunyoqarashidan dalolat. Uning kolleksiyalari podiumning eng oldi bo‘lishi, dizaynerga cheksiz muvaffaqiyat keltirishi aniq. Qahramonimiz ba’zi chizgilari asosida liboslarni tikdi, natija esa kutilganidek, ko‘zni quvnatadigan darajada.
Taqdirni qarangki, turmush o‘rtog‘ining ishi azim poytaxtga o‘tib, rizqi Toshkentga ulashdi. Uylari oldida esa katta ustaxona bor. U yerda haykallar yasab, suvenirlar ishlab chiqarishadi. Bir kuni Malohat o‘zini to‘xtata olmadi. O‘sha ustaxonaga bordi, qo‘lida chaqalog‘i bilan ishga olishlarini so‘radi. U yerda esa mazkur sohada o‘qigan, tajribasi bor mutaxassislargina ishga olinishini aytib, rad etishdi. Shunda Malohat: “meni sinab ko‘ring”, deb turib oldi. Hayotida biror marta haykalcha yasamagan qahramonimiz uchun qo‘l kelgani — kuzatuvlar va ishtiyoq edi. Ustaxonada ish qizg‘in, barcha nimadir yasash, bo‘yash bilan band edi. Shunda Malohat ham berilgan loy parchasidan chol siymosini yashashga tushdi.
— Sal avval ustaxonadagi ayollardan birining ishini kuzatgandim. Shu qo‘l keldi-da, milliy aravachada ketayotgan cholni yasashgan tutindim. Shukrki, haykalcham o‘xshadi. Ma’lum bosqichdan so‘ng, uni bo‘yashga tushdim. Ish tayyor bo‘lib, ularga taqdim etildi. Ularning javobini kutish qolgandi. O‘sha kuni tong yorishishi qiyin kechdi. Nima deyisharkin, ularga ma’qul kelarmikan degan savollar bilan uyqum ham kelmadi, — deydi qahramonimiz.
Ertasi kuni Malohatni ishga taklif etishdi. Uning mahorati, rang tanlash iqtidori o‘zini oqlagan edi. Shu tariqa amaliy san’at bilan yuzlashgan yosh ustozning hayotida haykaltaroshlik bo‘yicha yangi sahifa ochildi. Hamisha mas’uliyatli bo‘lgan Malohat bu san’atning tarixini o‘rganishga kirishdi. O‘qib-o‘rganish uning hayratini yanada oshirdi. Ayni qiziqish uni Kamoliddin Behzod nomidagi rassomchilik va dizayn institutiga o‘qishga undadi. “Hechdan ko‘ra kech yaxshi” deganlaridek, Malohat yillar o‘tib talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.
Insonning niyati pok, ko‘ngli toza bo‘lsa, har qanday orzu va maqsad ro‘yobga chiqmay qolmas ekan, Malohat ustozning hayoti, faoliyati esa buning yorqin isbotidir. Ustoz oilasi bilan Termizga qaytgach, avval viloyat Barkamol avlod bolalar ijodiyot maktabida bir muddat ijodkor bolajonlarga tasviriy san’at va haykaltaroshlik sirlarini o‘rgatgan bo‘lsa, hozirda Termiz shahridagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tasviriy san’at fanidan saboq berib kelmoqda.
Buni qarangki, olmaning ostiga olma tusharkan, bolaligidan ranglarga qorishib, san’atga oshno bo‘lib ulg‘aygan ustozning farzandlari ham surat chizishni xush ko‘rishadi. Ayniqsa, katta qizi Shahrizodadan kelajakda mahoratli rassom chiqishi aniq. Sababi, Shahrizoda chizgan suratlar, yasagan suvenirlar uning nechog‘lik iqtidorli ekanidan dalolat beradi. U ham onasiga munosib izdosh bo‘lish ishtiyoqi ila harakat qilmoqda.
Ustoz qayerda faoliyat yuritmasin, bolalardagi iqtidorni payqab, ularni yuzaga chiqarishga urinadi. Ota-onalar bilan hamkorlikda ishlaydi. Farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi. Shu sabab ham, yosh ustozning shogirdlari sonini sanab adog‘iga yeta olmaysiz.
Ha aytgancha, ustozning sinfiga kirsangiz, to‘rt tomoningizga hayrat ila boqasiz, tomoshaga tutinasiz. Chunki sinfxona ajoyib ko‘rgazmalar saroyiga o‘xshaydi, bir-biridan ajoyib suratlar, bezaklar yuksak did bilan chizilganki, ko‘rib tasannolar o‘qiysiz. Bu ustozning mehnati, mahoratidan so‘zlab turadi. San’atdan, ijoddan kuch oladigan ustoz o‘z ustaxonasi, ustaxonasida ajoyib muzeyi bo‘lishini istaydi. Qanchadan qancha stereotiplarni buzib, jamiyatda ayol kishining kuchi, nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib kelayotgan Malohat Davlatovaning bu orzusi ushalishiga ham ishonamiz. Yana ishonchimiz komilki, bu mo‘jaz ustaxona va muzey bizni qahramonimizning sinfxonasidan-da ko‘proq havas va hayratimizga sabab bo‘lib, zerikkanda tashrif buyuradigan sevimli maskanimizga aylanadi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun