Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari tug‘iladi. Ularni amalga oshirishda ko‘plab savollar yuzaga keladi: mablag‘ topish, kredit olish, bino yoki yer uchastkasini ijaraga olish… Bu kabi masalalar ko‘pincha yosh tadbirkorlarni ikkilanishga soladi. Ana shunday vaziyatlarda davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar — xususan, e-auksion.uz platformasi orqali yer va bino olish tizimi tadbirkorlar uchun yangi ufqlarni ochmoqda.
Albatta, ushbu platforma orqali yer uchastkalarini sotish va ijaraga berish jarayonlari ochiq-oshkora yo‘lga qo‘yilgan. Statistik ma’lumotlarga boqadigan bo‘lsak, joriy yilning 8 oyi davomida Surxondaryo viloyatida “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga Davlat kadastrlar palatasi tomonidan 4 486 ta (611 gektar) bo‘sh yer uchastkalari kiritildi. Shundan 1 396 tasi (220 gektar) auksion savdolariga chiqarilgan.

Prezidentning 2025-yil 21-apreldagi PF-70-son farmoni ijrosi doirasida viloyatda 480,4 gektar yer auksionga chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 355,3 gektar (74 foiz) yer uchastkasi savdoga qo‘yildi. Natijada 106,3 gektar (1 172 ta lot) yer uchastkasi 78,9 milliard so‘mga sotildi.
Hozirda esa boshlang‘ich qiymati 207 milliard so‘mlik 592,2 gektar (6 390 ta lot) yer uchastkalarining auksion savdolari davom etmoqda.

Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmalari hamkorligida “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk va ijara huquqi asosida elektron onlayn auksion orqali realizatsiya qilish jarayonlari” bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida ayni masalalar haqida ma’lumot berildi.
– Avvallari tadbirkorlar uchun yer uchastkasi olish jarayoni qiyinchilik tug‘dirar edi, — deydi matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari I.Qurbonov. — Bugun esa barcha imkoniyatlar elektron auksion orqali ochiq tarzda yaratilmoqda. Eng muhimi, barcha turdagi yer uchastkalari qiymati 15 ish kunida to‘liq to‘langanda xaridorga 20 foizlik chegirma beriladi. Bundan tashqari, dastlabki 35 foiz to‘lovni amalga oshirgan tadbirkorlar mazkur yer uchastkasini bank krediti uchun garov sifatida qo‘yish huquqiga ega bo‘ladilar.

Surxondaryoda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, xususan, yer uchastkalarini elektron auksion orqali realizatsiya qilish tizimi iqtisodiyotning ochiqligi, adolatliligi va shaffofligini ta’minlamoqda. Imtiyoz va qulayliklar esa biznesni boshlashni istagan fuqarolarga qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.
Kelajakda ushbu tizim tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ular uchun qulay sharoit yaratish hamda iqtisodiy faollikni yanada kuchaytirishi shubhasiz.
S.Normurodova