Har birimiz uchun tabiat – hayot manbayi hisoblanadi. Biz tabiatdan nafas olamiz va undagi barcha ne’matlardan unumli foydalanamiz. Tabiatsiz inson hayotini tasavvur etish mushkul. Lekin aynan shu buyuk ne’matiga nisbatan ko‘p odamlar beye’tiborlik qilmoqda, uning ahamiyatini kam baholamoqda. Shunday ekan, tabiatni asrash har bir insonning insoniylik burchi ekanini anglab yetish juda muhim.
Tabiat – yer, osmon, daraxtlar, hayvonlar, suv, havo va umuman, atrofdagi barcha tabiiy narsalar — insonlarga Alloh taolo tomonidan berilgan buyuk ne’mat hisoblanadi.
Qur’oni Karimda shunday deyiladi:
“Yerni esa yoyiq — keng qildik va unda tog‘larni o‘rnatib qo‘ydik hamda unda moslangan turli-tuman narsalarni undirib o‘stirdik” (“Hijr” surasi, 19-oyat).
Bu oyatdan bilish mumkinki, Alloh taolo yer yuzida yaratgan hamma narsani, hattoki tabiatni ham insonning manfaati uchun yaratganini bilishimiz mumkin. Tabiat insonlarga Allohning katta ne’mati bo‘lib, uni ehtiyotkorlik bilan saqlash ham katta savobdir. Har bir daraxt, har bir suv manbayi inson hayotiga xizmat qiladi. Tabiatdagi har bir jonzotning o‘z o‘rni bor va ularsiz dunyo muvozanatsizlikka yuz tutadi.
Hozirgi kunda dunyoda tabiatga yetkazilayotgan zararlar kattalashib, juda katta xavf solmoqda. O‘rmonlarni kesish va yoqish natijasida nafas olish uchun zarur daraxtlar kamaymoqda. O‘rmonlarsiz yerlar qurib qoladi, suv manbalari kamayadi, bu esa ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Suv manbalari ifloslanishi odamlar hayotiga jiddiy tahdid soladi. Toza suvning kamayishi va ifloslanishi turli kasalliklar, ayniqsa, bolalar o‘rtasida sog‘liq muammolarini ko‘paytiradi. Shuning uchun suvni muhofaza qilish va isrof qilmaslik katta ahamiyatga ega.
Havoni ifloslantirish esa nafaqat inson sog‘lig‘iga, balki jamiyat farovonligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Zavodlar va transport vositalari chiqindilari havoga aralashib, nafas olishni qiyinlashtiradi, bu holat nafaqat katta shaharlarda, balki qishloq joylarda ham kuzatiladi.
Hayvonlar va o‘simliklarning tabiiy muhitini buzish esa ko‘plab turlarning yo‘qolishiga olib keladi. Har bir jonzot tabiat muvozanatini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Agar ular yo‘qolsa, ekotizimda katta buzilishlar yuzaga keladi. Hayvonlar ham Allohning mo‘jizaviy yaratilishi bo‘lib, ularga hurmat va muhabbat bilan qarashimiz kerak. Hatto eng kichik jonzotlar ham tabiat muvozanatini saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Hayvonlarga mehr-shafqat bilan munosabatda bo‘lish ham zarur. Ularni himoya qilish, tabiatdagi barcha jonzotlarga hurmat bilan qarash insoniyatning axloqiy tamoyillaridan biri bo‘lishi kerak.
Har birimiz o‘z hayotimizda tabiatni muhofaza qilishga hissa qo‘shishimiz lozim. Buning uchun quyidagi oddiy, lekin samarali ishlar bilan boshlash mumkin.
Avvalo, chiqindi tashlashda mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak. Atrof-muhitni toza saqlash uchun har bir joyda chiqindiga ehtiyotkorlik bilan qarash muhim. Chiqindilarni ko‘chalarga yoki atrof-muhitga tashlash emas, albatta maxsus ajratilgan axlat tashlash punktlariga yoki konteynerlarga tashlash kerak. Bu orqali atrof-muhit ifloslanishining oldi olinadi va chiqindi materiallarini qayta ishlash uchun sharoit yaratiladi
Suvdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish juda muhimdir. Har bir inson suvni isrof qilmaslikka doimiy ravishda harakat qilishi lozim. Masalan, xonadonlarda suvni tejash uchun maxsus tejamkor kranlardan foydalanish kerak, shu bilan suv oqib ketishining oldini olish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, suvni tejash orqali nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki kelajak avlodlar uchun ham sog‘lom va barqaror muhit yaratishga hissa qo‘shamiz.
Har bir xonadonda va jamoat joylarida ko‘plab daraxt ekish va ularga g‘amxo‘rlik qilish juda katta ahamiyatga ega.
Daraxtlar nafaqat havoni tozalaydi, balki atmosferadagi zararli gazlarni kamaytiradi va insoniyatga toza, sog‘lom havodan nafas olish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, daraxtlar tuproqning suvni saqlash qobiliyatini oshiradi, yerning qurib ketishining oldini oladi, suvni saqlashga yordam beradi va atrof-muhitning muvozanatini ta’minlaydi. Aksincha, iflos va kir havo esa insonning nafas olish tizimiga salbiy ta’sir qilib, sog‘liq muammolariga sabab bo‘ladi. Shu bois daraxtlar ekish va ularga g‘amxo‘rlik qilish har birimiz uchun muhim vazifadir.
Maktablarda, oilada va jamoat joylarida tabiatni asrash haqida ta’lim berish kerak. Yosh avlodga tabiatni muhofaza qilish zarurligini o‘rgatish – kelajak uchun muhim vazifadir.
Yoshlarni tabiatni asrashga jalb qilish juda muhim. Maktablarda ekologik tadbirlar, o‘simliklarni saqlash aksiyalari va tabiatni muhofaza qilishga oid tanlovlar o‘tkazish orqali ularning tabiatga bo‘lgan muhabbati oshirilishi mumkin.
Yoshlar tabiatni sevishi, uni asrashni o‘z burchi deb bilsa, kelajakda ular yashaydigan muhit toza va go‘zal bo‘ladi.
Tabiatni muhofaza qilishda eng asosiy vosita – bu tarbiya va ma’rifat. Har bir oila, maktab, jamoat muassasalari va davlat tashkilotlari tabiatga g‘amxo‘rlikni kuchaytirishi lozim.
Har bir insonning kichik harakatlari umumiy katta natijalarga olib keladi. Har bir ekishgan daraxt, har bir saqlangan suv manbai, har bir hurmat bilan qaralgan hayvon – kelajak uchun muhimdir.
Tabiatni asrash – bu insoniylik burchi va har birimiz uchun muqaddas mas’uliyatdir. Tabiatga g‘amxo‘rlik qilish orqali biz nafaqat bugungi hayotimizni, balki kelajak avlodlar hayotini ham ta’minlaymiz.
Shu sababli, har bir inson o‘z hayotida tabiatni muhofaza qilishga e’tibor qaratishi zarur. Toza havo, toza suv va go‘zal tabiat kelajak avlodlarimizga qolishi – barchamiz uchun eng muhim burchdir.
Olim Jo‘rayev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i