Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashning yangi bosqichi

Date:


Yozning issiq kunlarida ichimlik suviga ehtiyojimiz bir necha baravar oshadi. Bu bilan kifoyalanmay, toza va salqin joy izlaymiz. Ayniqsa, tez-tez yuvinish zaruratga aylanadi. Har o‘nta xonadonning kamida
5-6 tasining uyida esa basseyn bor. Unga bir necha tonnalab suv to‘ldirish talab etiladi.Nima deb o‘ylaysiz, fuqaro uni qanday to‘ldiradi. Albatta, toza ichimlik suvi orqali. Bu isrof emasmi?! Holbuki, farzandlarimizga ichimlik suvini isrof qilmaslikni o‘rgatayotgan, yuz-qo‘lini, tishini yuvish uchun jo‘mrakni ochib qo‘yish o‘rniga, maxsus stakan yoki idishga suv to‘ldirib berib, yuvinishga odatlantirayotgan bir paytimizda o‘zimiz qanday o‘rnak bo‘lyapmiz.
Toza ichimlik suvi tuganmas emasligini bilganimiz holda, bu suvni xonadonimizgacha soha xodimlarining zahmatli mehnati evaziga yetib kelganini bilamizmi?!
Shunga qaramay, viloyatimizda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash jadal sur’atda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyat aholisining 66,5 foizi markazlashgan ichimlik suvi tizimi orqali qamrab olingan. Viloyatdagi 724 mahalladan 73 tasi to‘liq, 575 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan, biroq 76 ta mahalla hali ham ichimlik suvi yetib bormagan. Bitta mahallada yuzlab-minglab fuqaro istiqomat qilishini hisobga olsak, raqamlar ko‘rsatkichi oshib boraveradi. Bu esa kimdir ichimlik suvini qiyinchilik bilan tashib keltirayotgan, tejab-tergab sarflayotgani suvni isrof qilayotganlar uchun saboq bo‘lsa edi.

Dastur doirasida 689 milliard so‘m ajratildi


Albatta, gap aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida borar ekan, bugungi kunga qadar viloyatda amalga oshirilgan ishlar kishini qiziqtirishi aniq. Ayni qiziqishga javoban “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati joriy yilning o‘tgan davrida bajarilgan ishlar va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati rahbari O‘tkir Abdulqosimov aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqava suv tarmoqlarini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar borasida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon
232,5 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i qurilib, ishga tushirilgan. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 689 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 19 ta
ichimlik va oqava suv obyektlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan hamda 215,1 kilometr tarmoq va 9 ta inshoot qurilishiga yo‘naltirilgan.
Davlat dasturi orqali 650,6 milliard so‘m yo‘naltirilib, 299,2 milliard so‘mi o‘zlashtirilishi natijada 112,2 kilometr tarmoq va 4 ta inshoot barpo etildi. Mahalliy byudjet, aksiyadorlik jamiyati, homiylar hamda aholining hissasi orqali qo‘shimcha 120,3 kilometr tarmoq qurilgan.
— Sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida 94 ta mahalladagi 33 965 nafar aholi ilk bor markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, shuningdek, 59 ta mahalla bo‘yicha 25 192 iste’molchi uchun ta’minot sifati yaxshilandi, — deydi O‘tkir Abdulqosimov. — Bu esa, joriy yilda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasining yil boshidan 1,2 foizga o‘sishini ta’minlab berdi.

Qarzdorlik undirilsa, xizmat sifati oshadi


“To‘palang” suv omboridan ichimlik suvi yetkazish bo‘yicha mega-loyiha nihoyatda strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbus orqali hududdagi suv bilan bog‘liq muammolar masalasiga kompleks yondashuv tashkil etiladi. Natijada yil oxirigacha bu tizim ishga tushirilsa, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi ancha oshadi. Ayni paytda viloyatning Termiz shahri, Angor, Boysun, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sariosiyo tumanlarida 245,5 kilometr oqava suv tarmog‘i mavjud. Bu tarmoqlarga aholining 6,3 foizi ulangan. Oqava suv tozalash inshootlarining sutkalik quvvati 64 ming kub-metrni tashkil etadi. Yilning o‘tgan davrida 10,1 kilometr oqava suv tarmoqlarida qurilish-montaj ishlari olib borildi. Jadal sur’atlarda davom etayotgan sa’y-harakatlarga javoban aholining munosabati, iste’molchi sifatidagi mas’uliyati ham muhim. To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, bu boradagi ishlar yanada jonlanishi turgan gap. Ammo statistik ma’lumotlar aksini ko‘rsatadi.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov sudlarning ijro hujjatlari asosida ichimlik suvi ta’minoti korxonalari foydasiga undirilayotgan qarzdorliklar to‘g‘risidagi raqamlarni ochiqlaganda haqiqiy holat ayon bo‘ldi.
— Yilning o‘tgan davrida aholidan iste’mol qilingan suv uchun qarzdorliklarni undirish bo‘yicha
7 milliard so‘mlik 6 ming 500 ga yaqin ijro hujjatlari yuzasidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi, — deydi Qobiljon Tursunov. — Hisobot davrida 5 ming 622 ta ijro ishi bo‘yicha suv ta’minoti korxonalari foydasiga 5 milliard 864 million so‘m qarzdorlik undirib berildi. Ichimlik suvidan bo‘lgan qarzdorlik o‘z vaqtida amalga oshirilsa, ta’minotchi korxonalarning yanada sifatli xizmat ko‘rsatishida muhim ahamiyat kasb etadi. Aks holda qarzdorlikni undirish sudlarga oshirilsa, iste’molchidan davlat boji va boshqa yig‘imlar undiriladi. Bu ham ozmi-ko‘pmi iste’molchilarining oilaviy byudjetiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Matbuot anjumanida oqava suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, quvvatini oshirish, joriy yilning ikkinchi yarmida bajariladigan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida ham atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Shuni aytish lozimki, Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan infratuzilma kengayishi, moliyalashtirish, xalqaro sheriklik va mega-loyiha tashabbuslari orqali sezilarli darajada rivojlanmoqda. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi oshib, mahallalarga toza ichimlik suvi yetkazilmoqda. Shu bilan birga, “To‘palang” loyihasi va xalqaro investitsiyalar kelajakda bu yo‘nalishda ishonchli barqarorlikni yaratadi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun