Demokratik o‘zgarishlar fuqarolik jamiyati institutlari nigohida

Date:

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ochiqlik va oshkoralik, ijro hokimiyati ustidan o‘rnatilgan jamoatchilik nazorati, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasidagi izchil ijobiy o‘zgarishlar jahon hamjamiyati e’tiborini tortmoqda. Mazkur tarixiy jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli beqiyos.
Xususan, fuqarolik jamiyati – bu davlatdan mustaqil, ammo jamiyatning manfaatlarni ifoda etuvchi institutlar tizimidir. Fuqarolik jamiyati institutlariga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, kasaba uyushmalari, diniy va ma’rifiy, yoshlar va xotin-qizlarning jamoat tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kiradi. Fuqarolik jamiyati institutlari fuqarolarning davlat ishlarida ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va davlatning jamiyat oldidagi hisobdorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bugun ularning faolligi jamiyatda shaffoflik, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Demokratiya – bu faqatgina saylovlarni o‘tkazish yoki ko‘p partiyaviylik tizimini shakllantirish emas. U, avvalo, inson qadr-qimmati, adolatli boshqaruv va qonun ustuvorligi tamoyillarini amalda joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat boshqaruvida fuqarolarning faol ishtirokini kafolatlash, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga asoslangan ijtimoiy-siyosiy tuzumdir. Keyingi yillarda O‘zbekistonda ushbu tamoyillar hayotga keng joriy etishga qaratilgan jiddiy siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat jamoatchilik fikrini shakllantirishda, balki davlat organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga faol ishtirok etish kabi vazifalarni ham bajarmoqda. Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlari saylovlarda kuzatuvchi, tahlilchi va ma’rifiy organ sifatida ishtirok etmoqda. Ular saylovoldi jarayonlarini monitoring qilib, xolis xulosalar berishmoqda.
Shuningdek, Parlament qo‘mitalari qoshida tashkil etilgan jamoatchilik kengashlari orqali NNTlari qonun loyihalariga o‘z taklif va tavsiyalarini kiritmoqda. Jumladan, inson huquqlari, ekologik xavfsizlik, gender tenglik va boshqa sohalardagi qonunchilik tashabbuslarida fuqarolik jamiyati faol qatnashmoqda. Shu bilan birga, NNTlari vazirlik va hokimliklar faoliyati ustidan jamoatchilik eshituvlari, monitoringlar, anketa va tahlillar o‘tkazmoqda. Bu esa xalq ishonchini yanada orttirmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab qator NNTlari nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlangan oilalar, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida samarali faoliyat olib bormoqda.
OAV fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri sifatida jamiyatdagi fikr erkinligi, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Jurnalistik surishtiruvlar, tahliliy maqolalar va jamoatchilik eshituvlari orqali davlat faoliyati ustidan nazorat kuchaymoqda. Davlat organlari faoliyati ochiq e’lon qilinmoqda, axborot olish huquqi ta’minlanmoqda, ommaviy muhokamalarda keng fikrlar ifodalanmoqda.
So‘nggi yillarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan fuqarolarni huquqiy savodxonlikka o‘rgatish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishlarini rag‘batlantirish maqsadida doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Aytish joizki, fuqarolik jamiyati institutlari davlat bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik qilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda davlat tashkilotlari va NNTlari birgalikda loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ayni paytda, birgina viloyatimizda 599 ta NNT faoliyat yuritmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soluvchi mustahkam huquqiy baza yaratildi. Konstitutsiya, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida” va “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlar kabi asosiy hujjatlar FJIning huquqiy maqomi, ularni tuzish, ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyat yuritish tartibini belgilab berdi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni faol rivojlantirib, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, tajriba almashish va xorijiy ekspertlarni jalb qilish orqali o‘z salohiyatini oshirmoqda. Shuningdek, davlat tomonidan NNTlariga ajratiladigan grantlar va ijtimoiy buyurtmalar hajmi yildan yilga oshib bormoqda.
Jumladan, 2022-2024-yillar davomida viloyatda 6 ta mahalliy NNT, 10 ta xalqaro va xorijiy tashkilot grantlari asosida turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan. Ushbu loyihalar xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish, gender tengligini ta’minlash, odam savdosi va norasmiy mehnat migratsiyasiga qarshi kurashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni hamda inklyuziv xizmatlar tashkil etishni o‘z ichiga olgan.
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlarning muhim drayveriga aylanmoqda. Davlat tomonidan ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar o‘z samarasini bermoqda. Demokratik o‘zgarishlar faqat yuqoridan pastga qarab emas, balki fuqarolarning faol ishtiroki, jamoatchilik nazorati va erkin fikrlashi asosida ro‘yobga chiqmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish — bu nafaqat jamiyat manfaati, balki butun mamlakat kelajagi uchun muhim sanaladi. Ular davlat va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni ta’minlovchi, jamiyatda adolat va shaffoflik mezonlarini mustahkamlovchi kuchdir.
Bugungi globallashuv jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari faqatgina norozilik yoki tanqid emas, balki konstruktiv tashabbuslar va islohotlar uchun ham faol platforma hisoblanadi. Zero, O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlar samarasi aynan ularning rivojiga va faol ishtirokiga bog‘liqdir.

Zebuniso Alimardonova,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari,
I.f.f.d. (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Qiyin ahvolga tushsa, yengillik beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “Banklar kapitalining monandligiga qo‘yiladigan...

“Maromiylik” tadbirlari boshlandi

Denov tumanining “Yangi hayot” mahallasida Oila va xotin-qizlar bo‘limi,...

Qarovsiz bog‘ sayilgohga aylanadi

Surxondaryoda yangi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining ishga tushirilishi...

Loyihalar yanada takomillashtiriladi

Surxondaryoda Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik "To‘palang" suv...
KunTun
KunTun