Vakolat aniq bo‘lsa, muvozanat ta’minlanadi

Date:

O‘zbekiston Respubliksi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur Farmon mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirishga xizmat qiladi. Fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshiradi. Hududiy boshqaruvni “Aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish va Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman va shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, har bir bo‘g‘indagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilab beradi. Shuningdek, hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlashdan iborat.
Farmonga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini belgilash, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish hamda yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat berish kabi bir qator vakolatlar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazildi.
Byudjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy budjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi. Mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etiladi.
Mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi o‘rinbosari instituti tashkil etiladi.
Xulosa qilib aytganda, Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilishiga, mahalliy vakillik organlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi rolini kuchaytirishga, ijro etuvchi hokimiyat organlarining mahalliy Kengashlar oldidagi mas’uliyatining oshishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mahalliy vakillik organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarini aniq belgilash orqali hokimiyatlar o‘rtasida muvozanat ta’minlanadi.

Xolmurod O‘tayev,
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...

Bilim va zukkolik bellashuvi

Termiz davlat universitetida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini boshlandi....

“Yangi hayot”da yangi maskan

Qiziriq tumanida yosh avlod tarbiyasi va ta’limi yo‘lida navbatdagi...
KunTun
KunTun