Hozirgi kunda terrorizm va ekstremizm butun jahon mamlakatlarining tinchligi va xavfsizligi, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvligiga jiddiy tahdid solib kelayotgan asosiy illatlardan biri bo‘lib kelmoqda. Ushbu muammo bilan kurashish, og‘ir oqibatlarga olib kelishining oldini olish yo‘lida, dunyoning barcha mamlakatlari birgalikda, turli tor geosiyosiy manfaatlardan voz kechgan holda harakat qilgan holda ko‘zlangan maqsadga erishish mumkinligi aynan haqiqatdir.
Ming afsuski, olib borilayotgan aksilterror va profilaktik tadbirlarga qaramay, turli terroristik va ekstremistik tashkilotlarning rahbarlari Markaziy osiyo davlatlaridagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga, demokratik omillarga tayangan konstitutsion tuzumni ag‘darib, uning o‘rniga “asl islomiy, baxtli va tinch totuv hayot qurish” kabi soxta vajlar bahonasida fundamental, aqidaparastlik ruhidagi mafkuraga amal qiluvchi “Islomiy davlat” qurishga intilishlari ayni vaqtda tobora ortib borayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu tashkilot a’zolari o‘zlarining saflariga yangi a’zolarini yollash maqsadida internet tarmog‘idagi axborot resuslaridan keng foydalanmoqdalar. Bu esa, zamonaviy yoshlarimizning internet tarmog‘idan keng foydalanishlari davomida ana shunday tashkilotlarning ta’sir doirasiga tushib qolishlari xavfini tobora ortib borishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, ko‘pgina fuqarolarimiz chet davlatlarda bo‘lishlari davomida, mazkur tashkilot va oqimlarning yollovchilari ta’siriga tushishlari, afsuski, eng salbiy tomonlarimizdan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, bu borada avvalambor, diniy soha vakillari bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining bilim saviyasi, ishchanlik qobiliyatini oshirish, vijdonan va vatanparvarlik ruhida o‘z xizmat burchini ado etishlarini ongli ravishda singdirib bormog‘imiz lozim. Shunday ekan, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayotni asrash, mustaqilligimiz va barqarorligimizga munosib hissa qo‘shish — har bir davlat xizmatchisining provard vazifasi bo‘lmog‘i lozim.
M.Normeyliyev,
N.Bekmurzayev,
Termiz shahar IIB xodimlari