Hozirgi globallashuv jarayonida yosh avlod ongida turli axborot hurujlariga qarshi g‘oyaviy immunitetni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Farzandlarimizni milliy o‘zligimiz mezonlariga zid bo‘lgan kontentlarning salbiy ta’siridan va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotlardan himoya qilish, shuningdek, ularni ta’limga keng jalb etish, kasbga yo‘naltirish hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-may kuni PQ-183-sonli qarori e’lon qilindi.
Mazkur qarorda bolalarning intelektual va ijodiy qobilyatlarini rivojlantirish, ularda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasini yaratish, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish hamda ularni ta’lim va tarbiya dasturlari bilan integratsiya qilish, chet el kontentlarining bolalar ongi va qalbiga ta’sirini muntazam tahlil qilib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish, ushbu yo‘nalishlarda zararli trendlar, xatarli chellenjlarni aniqlash va ularga qarshi kontentlar ishlab chiqish, bolalar uchu xavfsiz axborot muhitini yaratish kabi tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Bundan tashqari, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar foyda soliqlaridan ozod qilinadi. Qarordagi mazkur band yuridik shaxslarning bolalar uchun kontent yaratishi uchun juda katta qulaylik hisoblanadi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yil 1-sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabida, 2026-yildan boshlab esa viloyatlar va Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bosqichma-bosqich iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularning iqtidorini yanada rivojlantirish bo‘yicha kreativ industriya yo‘nalishida to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Bundan xulosa qilish mumkinki, prezidentimizning olib borayotgan siyosati tufayli yurtimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa bolalarning iste’dodlari hamda imkoniyatlarini namoyon etishga imkon yaratadi.
J.Xurramov,
Viloyat ma’mur sudi sudya katta yordamchisi