Termiz shahridagi Matbuot uyida viloyat Adliya boshqarmasi va prokuraturasi hamkorligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi rahbari A.Qodirov, viloyat prokuror yordamchisi A. Bobomurodov, Adliya boshqarmasi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Matbuot njumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-son farmoni ijrosi yuzasidan Adliya boshqarmasi va adliya bo‘limlari tomonidan 2025-yilning 1-yarim yilligi davomida bir qator e’tiborga molik ishlar amalga oshirilganligi to‘g‘risida viloyati adliya boshqarmasi rahbari A.Qodirov so‘z yuritdi.
Aytish kerakki, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 3 072 ta murojaatning 2 687 tasi hal etilib (2024 yildan qoldiq bo‘lib o‘tgan murojaatlar ham inobatga olingan), shundan 47 foizi yoki 1 431 tasi qanoatlantirilib, 1 256 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, 282 tasi ko‘rib chiqish uchun vakolatli organga yuborilgan bo‘lsa, 93 ta murojat hisobot davridan qoldiq bo‘lib o‘tdi. Qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda amaliyotda mavjud muammoli holatlarni bartaraf etish yuzasidan 123 ta taklif ishlab chiqildi.
Boshqarma va uning tizimidagi adliya bo‘limlari tomonidan hisobot davrida jami 450 ta o‘rganish va 502 ta monitoringlar o‘tkazilib, o‘rganishlar davomida 522 ta tashkilotlar faoliyati qamrab olindi va ushbu o‘rganish va monitoringlar natijasida 63 667 ta qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish yuzasidan 706 ta taqdimnoma, 243 ta ma’muriy javobgarlikka tortish haqida takliflar hamda 1257 ta ogohnoma kiritildi.
Kiritilgan ta’sir choralari natijasida 164 nafar shaxs intizomiy (shundan 9 nafari egallab turgan vazifasidan ozod qilindi) va 233 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, 1946 ta yuridik tusga ega bo‘lgan hujjatlar bekor qilindi va qonunga muvofiqlashtirildi, shuningdek 14 mlrd. 708 mln. so‘mdan ortiq pul mablag‘lag‘lari qonuniy egalariga qaytarildi.
Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi PQ–5168-son qaroriga muvofiq tuman (shahar)lardagi yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining jami 57 nafar shundan, 15 nafari markaz boshlig‘i hamda 42 nafari bosh yuriskonsultlar tomonidan jami 22 ta davlat tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari va ularning tarkibiy bo‘linmalariga yuridik xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Xususan, tuman (shahar) yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining “YE-huquqshunos” elektron tizim orqali kelib tushgan 393 428 ta hujjat loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 388 830 tasiga ijobiy xulosa berilgan, 2 235 tasi qonunchilikka zidligi sababli salbiy xulosa berilgan bo‘lsa, 2 363 tasi kamchiliklarini to‘g‘rilash uchun qaytarilgan.
Shuningdek, viloyat prokuroturasining 6 oylik davomida qilingan ishlar hamda kelgusidagi rejalari to‘g‘risida va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga aylangan Denov, Sho‘rchi tumanlaridagi jinoyatlar ustidan o‘rganish ishlari olib borilayotganligi va hozirgi kun og‘riqli muammoga aylangan kiberjinoyatga qarshi ishlar olib borayotganligi to‘g‘risida viloyat prokurori yordamchisi A.Bobomurodov hisoboti tinglandi.
Tadbir so‘ngida OAV vakillari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga soha xodimlari tomonidan yetarlicha javob oldi. Shuningdek, tadbir yakunida OAV vakillari viloyat prokuroturasida bo‘lib, u yerda tashkil etilgan kutubxona, ma’naviyat burchagi bilan tanishish bilan birga sohada uzoq yillar mehnat qilgan fidoyi insonlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Kutubxonadan nafaqat soha xodimlari balki yuridik shaxslar ham oilaviy tashrif buyurib, o‘zlariga qiziqarli kitoblardan foydalanish mumkinligi ta’kidlandi.
Dinara Qo‘zimurotova