Zamonaviy oilada nogironligi bo‘lgan farzand tarbiyasi masalasi bugungi kunda juda dolzarb. Bu ijtimoiy, pedagogik va texnologik jihatdan yangicha yondashuvlarni talab etadi. Bunday farzandlarning to‘laqonli hayot kechirishi, ta’lim-tarbiya olishi va jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi uchun oilaning, ayniqsa, ota-onaning roli muhim.Inklyuziv ta’lim tamoyillari asosida sog‘lom va nogiron farzandlarning birgalikda rivojlanishiga imkoniyat yaratish, zamonaviy texnologiyalar va psixologik qo‘llab-quvvatlov vositalari orqali nogiron farzandlarning salohiyatini yuzaga chiqarish zamonaviy tarbiyaning asosiy yo‘nalishiga aylangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida bu borada qonunchilik asoslari va davlat siyosatining izchil yo‘lga qo‘yilishi mavzuning dolzarbligini yanada oshiradi. Mamlakatimizda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi ham bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Xususan, Qonunning 20-moddasida: “Inklyuziv ta’lim alohida ta’lim ehtiyojlari va individual imkoniyatlarning xilma-xilligini hisobga olgan holda barcha ta’lim oluvchilar uchun ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishga bo‘lgan teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan” deb keltirib o‘tilgan.
Amerikalik olimlar inklyuziv ta’limni ommaviy maktabni rivojlanish muammolari bo‘lgan oddiy bolalar va bolalarning birgalikdagi ta’lim vazifalari va ehtiyojlariga tubdan o‘zgartirish deb qaraydilar. Yevropa mamlakatlarida esa, xususan nemis tilida so‘zlashadigan mamlakatlarda “inklyuziya” atamasi nisbatan kam qo‘llaniladi. Ular “integratsiya”, “hamkorlikda o‘rganish” atamalaridan foydalanishda davom etmoqdalar.
Ota-ona uchun o‘z farzandidan-da qadrliroq ne’mat bo‘lmasa kerak. Ota ham, ona ham o‘z farzandlari uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘radi. Ularning baxt-u saodati uchun yashaydilar va mehnat qiladilar. Farzandlar esa buni o‘z vaqtida sezishlari va tushunishlari hamda o‘zlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga harakat qilishlari lozim. Ota-onalar, hatto bolalarining rivojlanishida biror-bir o‘qish yoki tengdoshlari bilan muloqot qilishda muammolarni ko‘rsalar ham, ko‘pincha unga qanday yordam berishni bilmaydilar. Muammoni payqamaslik — bu imkoniyat emas, balki bolaning axloqiy tushkunligini kuchaytiradi.
Imkoniyati cheklangan bolalari mavjud bo‘lgan oilaga alohida e’tibor talab qilinadi. Eng avvalo, ota-onalar bunday bolalarga qanday g‘amxo‘rlik qilishlari bo‘yicha alohida tavsiyalar ishlab chiqiladi. Har bir imkoniyati cheklangan bola bilan pediatr, o‘qituvchi, psixolog, nevropatolog, defektolog, logoped, terapevt kabilar ish olib boradi. Oila bilan ishlashning eng asosiy maqsadi — barcha oila a’zolarining jismoniy, ruhiy, ijtimoiy, ma’naviy, axloqiy, intellektual shaxsiy rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, har tomonlama ma’naviy ko‘mak berish, shuningdek, bola va uning atrofini turli xil omillarning shaxsiy rivojlanishiga salbiy ta’siridan himoya qilishdan iboratdir. Oilada farzandga shaxs sifatida hurmat bilan qarash ularning imkoniyatlariga mos sharoit yaratish, ijtimoiy izolyatsiyadan saqlash lozimdir. Texnologik vositalardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalar nogiron farzandlar tarbiyasida katta rol o‘ynamoqda. Kommunikatsion texnologiyalar masalan, eshitish yoki gapirish imkoniyati cheklangan bolalar uchun mobil ilovalar, audiokitoblar, brayl alifbosi bilan jihozlangan qurilmalar, shuningdek, reabilitatsiya qurilmalari, robotlashtirilgan nogironlik aravachalari, ortopedik moslamalar bilan birga ta’lim platformalari, moslashtirilgan onlayn kurslar, maxsus videodarslar orqali bolaning hayotga va jamiyatga moslashuvchanligi ortadi.
Psixologik qo‘llab-quvvatlashda ota-onalar nogiron farzandlar bilan ishlashda psixologik tayyorgarlikka ega bo‘lishi lozim. Buning uchun psixologik treninglar va maslahatlar, oilaviy terapevtlar yordami, ota-onalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim. Ana shunday yondashuv nafaqat bolaga, balki butun oilaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ijtimoiy integratsiya va mustaqillikni rivojlantirish nogiron farzandlarni mustaqil hayotga tayyorlash zamonaviy tarbiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ularni kundalik hayot faoliyatlariga jalb qilish uy ishlarida yordam, xarid qilish, transportdan foydalanish, maxsus ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, muloqot, qaror qabul qilish, himoya qilish ularni jamiyatda to‘laqonli ishtirokchi sifatida ko‘rish lozimdir.
Erkin Jumayev,
Denov tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori