Har qanday huquqiy demokratik davlatda insonlarning haq-huquqlari qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yiladi. Shu jumladan, O‘zbekiston sharoitida ham bu borada ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlari inson manfaalariga mos ravishda ishlab chiqilgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda fuqarolarning shaxsiy daxlsizligi, konstitutsion haq-huquqlarini hurmat qilish borasida ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Kuni kecha, 2025-yil 6 oy mobaynida Termiz shahar va tumanlarda faoliyat yurituvchi barcha advokatlik tuzilmalari ish yurituvlarini samarali olib borilishi to‘g‘risida soha xodimlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezidentning 2018-yil 13-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy-chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Advokatlar palatasi tomonidan advokatlarning malakasini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va sohaga oid boshqa masalalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shuningdek, tadbir davomida Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuncha berildi.
Kun tartibidagi masalalar muhokamasi davomida “Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra ushbu Nizom sohada faoliyat yurituvchi advokat stajyori va advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Shu munosabat bilan yosh mutaxassislar hozirda kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan advokatlarga munosib izdosh sifatida o‘z kasbiga sadoqatli kadr bo‘lib yetishishi uchun ustoz-shogird an’analari asosida har bir advokatga kamida ikkitadan stajirovkachiga ko‘mak berish talabi qo‘yildi.
Shuningdek, yig‘ilishda halollik va adolat prinsiplariga rioya etish, tamagirlik, o‘z kasbini suiiste’mol qilmaslik, kasbiy faoliyati davomida xatoga yo‘l qo‘ygan advokatlarning litsenziyasi bekor qilinganligi, bundan keyin advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanmasliklari haqida qat’iy ogohlantirildi.
Ahmat Qayumov,
O‘zbekiston Advokatlar palatasining Suxondaryo viloyat hududiy
boshqarmasi boshlig‘i
Fotima Dehqonova,
boshqarma ish yurituvchisi