AQSH F, M va J talaba vizalari uchun arizalarni qabul qilishni qayta tiklamoqda, biroq barcha ariza beruvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati sinchkovlik bilan tekshiriladi. Davlat departamentining elchixona va konsulliklarga yuborgan telegrammasida aytilishicha, barcha abituriyentlarning akkauntlari Qoʻshma Shtatlarga nisbatan dushmanlik nuqtayi nazaridan tekshirilishi talab qilinadi.
Yangi tekshiruv tartiblari asosan akademik talabalar uchun moʻljallangan F vizalari, shuningdek, kasb-hunar talabalari uchun M vizalari hamda ta’lim va madaniy almashinuvlar uchun moʻljallangan J vizalarini olish uchun murojaat qilgan barcha chet el fuqarolariga nisbatan qoʻllanadi. U taʻlim muassasasidan qat’i nazar, barcha talabalar vizalariga nisbatan joriy etiladi, deya aniqlik kiritdi WP.
Ta’lim sohasi vakillari yangi tekshiruv tartib-qoidalari AQShdagi potensial xorijiy talabalarga noxush messej yuborishi mumkinligidan tashvishda ekanini bildirdi. Baʻzilar bu choralar nafaqat ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tekshirishni, balki abituriyentlarni siyosiy qarashlariga koʻra saralashni ham oʻz ichiga olishi mumkinligidan xavotirda.
Davlat kotibi Marko Rubio imzolagan telegrammada jarayon talabgorlarning “onlayn mavjudligi”ni tekshirishni talab qilishi va yangi tartiblar 5 ish kunidan keyin kuchga kirishi aytilgan. Ariza beruvchilardan yangi tekshiruv doirasida ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini ochiq (public account) qilib qoʻyish soʻraladi va “buning cheklanganligi maʻlum bir faoliyatdan qochish yoki yashirishga urinish sifatida talqin qilinishi mumkin”, deb taʻkidladi CNN.
Telegrammaga koʻra, xodimlar talabalarning profillarini oʻrganayotganda “fuqarolarimizga, madaniyatimizga, hukumatimizga, institutlarimizga yoki ta’sis tamoyillariga dushmanlik munosabatida boʻlgan; xorijiy terrorchilarni va AQSH milliy xavfsizligiga boshqa tahdidlarni qoʻllab-quvvatlaydigan yoki yordam beradigan; noqonuniy antisemit ta’qib yoki zoʻravonlikni amalga oshiradigan arizachilarni aniqlashlari kerak”.