O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li bor. Bu yo‘lda rivojlanish sari ildam odimlayotgan davlatbarcha jabhada o‘z imkoniyatlarini ishga solmoqda. Albatta, dunyoning rivojlangan davlatlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, har tomonlama manfaatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 19-22-may kunlari Vengriya va Sloveniya davlatlariga amalga oshirgan rasmiy tashriflari esa ana shu siyosiy yurishning mantiqiy davomi bo‘ldi deyish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Vengriya bilan o‘zaro munosabatlar so‘nggi yillarda jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda va ikki xalqning tarixi, buguni hamda kelajagi ustuvor bo‘lgan strategik sheriklikka aylandi. 2016-yili Toshkentda Vengriya elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 2023-yildan boshlab Budapeshtda O‘zbekistonning elchixonasi o‘z faoliyatini boshladi. 2021-yilda esa ikki davlat rahbarlari strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edilar. Navbatdagi uchrashuvlar O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Prezident boshchiligidagi delegatsiyaning Vengriyaga tashrifi ham manfaatli kechdi. Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasida o‘zaro manfaatli muloqot va hamkorlik faol yo‘lga qo‘yildi. Rasmiy tashrif doirasida nafaqat rasmiy marosimlar, balki aniq rejalar, kelishuvlar va istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Tashrif Budapeshtdagi ishbilarmonlar bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu esa, avvalo, hamkorlikning iqtisodiy poydevoriga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, transport va logistika tizimlarini integratsiyalash hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish kabi qator ustuvor yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Tashrif doirasida transport va yo‘l infratuzilmasini yangilash, logistika markazlari qurish, qurilish materiallari, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga oid qator yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ikki davlat o‘rtasida ekstraditsiya, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, tabiiy ofatlar monitoringi, ilm-fan, innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida muhim hujjatlar imzolandi. Bu esa hamkorlik qamrovining kengligi va har tomonlama rivojlanayotganini yaqqol namoyon etadi.
Ikki davlat rahbarlarining kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolashgani esa tashrifning eng muhim qismi bo‘ldi deyish mumkin. Har bir tashrif, har bir islohot va amalga oshirilajak ish natijasiz bo‘lmasligi kerak, balki davlatni rivojlantirishga, savdo aloqalarini yaxshilashga, investitsiyalarni to‘g‘ri yo‘naltirilishiga xizmat qilmog‘i lozim. Shu ma’noda, Prezidentimizning Vengriyaga rasmiy safari ham har tomonlama manfaatli bo‘ldi va nafaqat mahalliy, balki xalqaro siyosiy doira vakillarini-da e’tiborini tortib, ularda katta qiziqish uyg‘ota oldi. Ushbu rasmiy tashrif ikki davlat xalqlarining do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga, kelgusidagi strategik rejalarning bardavom bo‘lishiga zamin hozirladi.
Dilfuza Joʻrayeva,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati