Bugun oilalarda xursandchilik yoki muammo-yu, taklif yo tashabbus bilan mahallaga chiqadi, faol-u oqsoqollar bilan kengashib, maslahatlashib ish ko‘riladi. Bundan ko‘rinadiki, mahalla instituti takomillashib, kuchli jamoatchilik tuzilmasiga aylanib ulgurgan. Qanday muammo bo‘lmasin, yechim izlashga, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishda bosh-qosh. Ayni mahalladagilar sa’y-harakati bilan ehtiyojmand oilalar qo‘llab-quvvatlanib, bandlik masalasi ham hal etiladi. Xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida ham ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tayotir.
Hududlarda yuz bergan bu yangilanishlarga mos ravishda mahalla fuqarolar yig‘iniga rais saylash tizimi ham o‘zgarishga yuz tutdi. “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati uch yildan besh yilga uzaytirildi. Chunki “mahalla yettiligi” tizimi joriy etilgach, hududlarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘paydi. Yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, “mahalla yettiligi”ining ish faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatib, mavjud muammolarni hal qilish uchun mahalla raisidan katta tajriba va mahorat talab etilmoqda. Aholining yashash sharoitini yaxshi bilishni taqozo etadigan sohadagi uch yil muddatlik boshqaruv faoliyati raisning salohiyatini ham, hududdagi ishlar samarasini ham ifodalay olmaydi.Viloyatimizda ham joriy yilning 1-mayidan boshlangan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi ochiq, oshkora, qizg‘in davom etmoqda. Viloyatda 724 ta mahalla mavjud bo‘lib, mahallalarda ovoz berish huquqiga ega 691 850 nafar dan ortiq kishi yashaydi. Ishchi guruhlar mahalla aholisining fikrini inobatga olib, fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodlarni ko‘rsatgan. Ayni paytda mahallalarda o‘tayotgan saylovlarda bo‘lg‘usi raislarning dasturlari bilan tanishayotgan aholi vakillari tashkilotchilik qobiliyati va hayotiy tajribaga ega, obro‘-e’tibor qozongan nomzodlarga ishonch bildirmoqda.
— Hududlarda yuz berayotgan yangilanishlar aholining mahalla raisi lavozimiga katta hayotiy tajribaga ega, yetakchilik qobiliyati bor nomzodni saylashga xohishini kuchaytirdi, — deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi o‘rinbosari Saydulla Abduraimov. – Joylarda o‘tkazilayotgan saylovlarda bu holat yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Nomzodlarning dasturlarini qizg‘in muhokama etib, eng munosiblariga ovoz berayotir. Hozirgacha vohadagi 336 mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylab olindi. Saylovlarda 830 nafar nomzod ishtirok etdi. Ularning 153 nafari birinchi marta saylandi. 183 ta mahallada aholi vakillari amaldagi raisga ishonch bildirdi. Raislarning 36 nafari ayollar va 7 nafari xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatidir.
Viloyatning Uzun tumanida 51 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalla raislari uchun aholi orasidan saylangan 5 ming 598 nafar vakil ovoz beradi. Shu kungacha saylangan 23 nafar raisning 11 nafari ilk marta mahalla raisi lavozimini egalladi. Sho‘rchi tumani aholisi 53 mahallaga birlashib yashaydi. Shu paytgacha ularning 19 tasida mahalla fuqarolar yig‘ini saylovi yuqori saviyada o‘tkazildi. Har bir mahalla raisi lavozimiga o‘rtacha uch nafar nomzod da’vogarlik qildi. Masalan, tumandagi “Yakkabog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan saylovda uch nomzod ham o‘z dasturini e’lon qildi. Aholi vakillari ular orasidan Bahrom Hakimovga katta ishonch bildirib, mahalla raisi lavozimiga saylab oldi.
Muzrabot tumanidagi “Sopollitepa” mahallasida 4 510 dan ortiq kishi istiqomat qilmoqda. Mahalla aholi zichroq joylashgan hududlardan biri sanaladi. Bu yerda bo‘lib o‘tgan saylovda aholi vakillari faol ishtirok etib, Sofiya Karimova nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Yangi rais aholining ijtimoiy muammolarini hal etish, xotin-qizlar faolligini oshirish va yosh avlodga e’tibor qaratishga va’da berdi. Tumandagi 54 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 26 tasida saylov uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Ularning o‘ntasida birinchi marta saylangan rais rahbarlik qilmoqda. Viloyatda milliy qonunchiligimizga muvofiq demokratik tamoyillar asosida ochiq va shaffof o‘tkazilayotgan mahalla raislari saylovi davom etmoqda.