XALQNING QUDRATI ILMDA

Date:

Ma’rifatparvar Alixonto‘ra Sog‘uniy: “Agar o‘zbek xalqi boshqa ishlarga ham oshga kelgandek birlashib yig‘ila olganlarida edi, dunyoda bundan qudratli millat bo‘lmas edi”, degan edi. Haqqast rost, bu buyuk millatning intellektual salohiyatiga baho berishda birgina uning o‘tmishiga nazar solmoqning o‘zi kifoya qiladi.
Zero, dunyo ilm-faniga tamal toshini qo‘ygan ko‘plab allomalar shu zaminda voyaga yetganligi hech kimga sir emas. Ammo bugungi kunda faqat buyuk ajdodlarimizning olamshumul kashfiyotlaridan faxrlanib yurish hissi bilan cheklanib qolish kifoya qilmaydi.
Prezidentimizning: “Bitta kitob o‘qiydigan bola o‘nta televizor ko‘radigan bolani ergashtiradi”, degan fikri ayni haqiqat. Bugun davrning o‘zi ilm-ma’rifatga alohida e’tibor qaratish orqaligina taraqqiyotga erishish mumkinligini isbotlab turibdi.
“O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning o‘tkazilishi ham aholi, ayniqsa, yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish, yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish yo‘lidagi ijobiy qadamlardan biri bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi. dib Sobir Termiziy nomidagi viloyat hamda tumanlar axborot-kutubxona markazlari, muassasa va tashkilotlarda haftalik doirasida ommaviy kitobxonlik tadbirlari o‘tkazilganligi ham yuqoridagi fikrlarimizga isbot bo‘la oladi. Ushbu tadbirlarga maktab o‘quvchilari va oliy ta’lim yurtlari talabalari keng jalb etilib, taniqli ijodkorlar bilan uchrashuv va adabiy suhbat uyushtirildi.


KITOB – MA’NAVIYAT MANBAYI!


Kitobxonlik haftaligi doirasida kutubxonada tashkil etilgan “Kitob – ma’naviyat ko‘zgusi” nomli kitoblar ko‘rgazmasi kitobsevarlarni o‘ziga keng jalb etdi. Ko‘rgazmada zamonaviy adabiyotlar, yoshlar uchun motivatsion asarlar, o‘zbek va jahon klassiklari va atrof-muhit, “yashil” iqtisodiyot, milliy qadriyatlar haqidagi kitoblar namoyish etildi.
Har bir sahifa – yangi dunyo, har bir kitob – yangi tafakkur manbayiga aylanishi mumkin. Ko‘rgazma davomida mehmon-lar kitob-lardan ilhomlan-dilar, o‘qishga qiziqish bildirgan yoshlarga tavsiyalar berildi.
Xususan, haftalik doirasida kutubxonada tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da kutubxona bo‘ylab ekskursiya o‘tkazilib, mehmonlar kutubxonaning barcha bo‘limlari bilan tanishtirilib, axborot resurslari va elektron kataloglardan foydalanish bo‘yicha ma’lumotlar oldilar. Kutubxona xizmatlari haqida batafsil tushunchaga ega bo‘ldilar. Bu uchrashuv kitobga nisbatan e’tibor, kitobxonlik madaniyatini oshirish va yoshlarni ilm-fanga chorlash yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.
— Kutubxonamizda kitobxonlik haftaligi doirasida Termiz shahar rus milliy madaniy markazi vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, tojik milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, totuvlik va madaniy aloqalar haqida so‘z yuritildi. O‘zbek va tojik adabiyotining o‘zaro yaqinligi, boy madaniy merosi haqida iliq fikrlar bildirildi. Ijodiy chiqishlar, she’rlar, kuy-qo‘shiqlar, an’anaviy liboslar namoyishi tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Bu singari uchrashuvlar xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlab, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga shubha yo‘q, — deydi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Ma’ruf Abdushukurov.


“MOVIY JOMADON” – BOLALARGA KITOB OLIB BORAMIZ!


Kitobxonlik haftaligi doirasida viloyat Axborot-kutubxona markazi tomonidan “Moviy jomadon” loyihasi asosida Termiz shahridagi 11-maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif amalga oshirildi. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — eng kichik kitobxonlarga e’tibor qaratish hamda rang-barang kitoblar va ijodiy muloqot orqali kitobga mehr uyg‘otishdan iborat. “Moviy jomadon” – bu oddiy jomadon emas. Uning ichi bolalar uchun qiziqarli ertaklar, rangli kitoblar, topishmoqlar, she’rlar va quvonch olib keluvchi sehrli dunyo. Kutubxonaning bu tashabbusi kichkintoylar va tarbiyachilar tomonidan katta quvonch bilan kutib olindi.

YAXSHI KITOB – YANGI FIKR

Adabiy xotira, ma’naviy ulug‘lash maqsadida respublika kitobxonlik haftaligi doirasida buyuk adib, o‘zbek mumtoz nasrining asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining
131 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ham taklif etildi. Ular adibning hayoti, ijodi, o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi. Tadbirning eng hayajonli qismlaridan biri – Qodiriyning mashhur asari asosida suratga olingan “O‘tkan kunlar” filmidan parcha namoyishi bo‘ldi. Ushbu lavha ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Abdulla Qodiriy – o‘zbek adabiyotida roman janri asoschisi sifatida e’tirof etiladi. Abdulla Qodiriyning tarixiy mavzuga bo‘lgan qiziqishi o‘z xalqining o‘tmishini tushunishga bo‘lgan intilishi, uning sabri, mehnatkashligi, xalqning ozodlik va mustaqillik sari qahramonona kurashi bilan izohlanadi.
KO‘NGIL KO‘ZI – ADABIYOTNING GO‘ZALLIGI
Kitobxonlik haftaligi doirasida Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazi tashabbusi bilan viloyat Ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasiga tashrif amalga oshirildi. “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tkazilgan “Kecha va bugun” mavzusidagi tadbir doirasida nafaqat kutubxona jamoasi, balki kutubxona sohasining mehnat faxriylari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat bo‘limi vakillari, talabalar, viloyatdagi turli kutubxonalar mutaxassis va xodimlari ham faol ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ko‘zi ojizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Kitobga bo‘lgan muhabbat va bilim olish yo‘lidagi intilishlar yoritildi; audiokitoblar, brayl yozuvidagi adabiyotlar va innovatsion xizmatlar haqida fikr almashildi.
Bu tadbir, o‘zining ma’naviy va intellektual ahamiyati bilan, yoshlarimizni kitob o‘qishga, bilimga chanqoq bo‘lishga rag‘batlantirishni maqsad qilgan.


“ZAKOVAT” – BILIMDONLAR BAHSI


Haftalik doirasida Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Tadbirda
18-25 yosh oralig‘idagi faol kitobxonlar va bilimdon yoshlar jamoalarga bo‘linib, savol-javoblar orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘yin davomida ishtirokchilar tarix, adabiyot, mantiqiy fikrlash, san’at va fan sohalariga oid savollarga javob berishdi.
G‘olib jamoalar kutubxonaning esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Tadbir barcha qatnashchilar uchun nafaqat bilimlar bellashuvi, balki muloqot, jamoaviy ishlash va dam olish uchun ham ajoyib imkoniyat bo‘ldi.
Kitobxonlik haftaligi doirasida Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markaziga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo Akademik litseyi o‘quvchilari va o‘qituvchilari tashrif buyurishdi. Mehmonlar haftalik doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishdi.
Tadbir davomida kutubxona va Akademik litseyi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida memorandum imzolandi.


SO‘Z VA MA’NAVIYAT BAYRAMI


V Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida vohamiz ijodkorlari bilan o‘quvchilar o‘rtasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ishtirok etgan, viloyatimizda yashab ijod qilayotgan taniqli shoir va yozuvchilarning chiqishlari yosh kitobxonlar va adabiyot ixlosmandlari uchun katta ilhom manbayiga aylandi.
“Men sevgan kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” chellenji yurtimiz bo‘ylab keng ommalashmoqda. Ushbu xayrli tashabbusga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov munosib hissa qo‘shib, Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markaziga 1000 dona badiiy va ilmiy-ommabop kitob sovg‘a qildi.
Shuningdek, viloyat prokurori Baxtiyar Babadjanov hamda qator boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat, tumanlar axborot-kutubxona markazlariga turli kitoblar to‘plamlarini tuhfa qilishdi. Jumladan, Angor tumani hokimligi tuman axborot-kutubxona markaziga 1 200, Boysun tumani hokimligi 600, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Termiz tumanlari va Termiz shahar hokimliklari 500 donadan, Qiziriq tumani 300, Oltinsoy tumani 200 va Sherobod tumani hokimligi 100 dona turli nomdagi kitoblar to‘plamlarini topshirishdi.
“Do‘mbiram sadosi” mavzusida Termiz Baxshichilik maktabi ijodiy jamoasi tomonidan taqdim etilgan xalq og‘zaki ijodi tarannumi bayramga o‘zgacha ruh va tarovat bag‘ishladi. Yurt, xalq, ma’naviyatga daxldor
terma va dostonlar, jonli ijrodagi sozandachilik
san’ati va qalblarga kirib boruvchi xalq og‘zaki ijodi namunalari barchani hayratga soldi. Baxshilarning mohirona ijrolari orqali o‘zbek xalqining bebaho og‘zaki merosi, qadriyatlari va ma’naviy boyligi yana bir bor yuraklarga jo bo‘ldi.
Xulosa qilib aytgan-da, kitob o‘qish – bu shaxsiy rivojlanish, bilim olish, ruhiy sog‘lomlik va hayotdan zavqlanish uchun eng yaxshi investitsiyadir.

Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun