Mahalla tizimi o‘zbek xalqining milliy o‘zligiga xos bir ijtimoiy institut sifatida davlatchilik boshqaruvida muhim ahamiyat kasb etadi. YA’ni mahalla tinch bo‘lsa, davlat, yurt osoyishta bo‘ladi. Shu sababdan davlatimiz tomonidan mahalla institutiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Mahalla yettiligi” tajribasi amalda qo‘llanilayotganligi ham bejiz emas. Bu orqali mahallada mavjud muammolarning deyarli barchasiga shu yerning o‘zida yechim topiladi. “Mahalla yettiligi” – mahalla ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, aholining manfaatlarini himoya qilish, huquqlarini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishi bilan ahamiyatli. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori, mahalla bankiri hamda nuroniylar, imom xatiblar bilan birgalikda ishlarni tashkil qilib, yagona jamoa sifatida ishlash tartibi joriy etilganligi yaxshi samara bermoqda. Bugungi kunda 724 ta mahallada 4 322 nafar mahalla yettiligi a’zolari faoliyat olib bormoqda.
Joriy yilning may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – mahalla oqsoqolari saylovini muvaffaqiyatli o‘tkazish borasida amaldagi qonunga muvofiq viloyat va tuman (shahar) lardagi komissiyalar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasining yig‘ilishi ana shu masalaga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi A. Choriyev, Mahalla uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i S. Abduraimov hamda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi boshqarma boshlig‘i S. Mirzayevlar viloyatimizdagi saylovoldi tadbirlarining bugungi ahvoli, tayyorgarlik ishlari haqida aniq dalillar bilan so‘z olishdi.
Ayni paytda mahallalar uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uyushmaning tuman (shahar) bo‘limlarida mahalla raislari saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalari qoshida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston sharoitida hech bir bir fuqaro mahalla, ovul kabi ijtimoiy birlikdan chekkada emas. Har bir mahallada yashovchi fuqaroning ijtimoiy kelib chiqishi, fe’l-atvori, ma’naviy-axloqiy xulq-atvori, maishiy turmush tarzi barchaga birdek ayon. Qisqa qilib aytganda, mahallada hamma bir-birini taniydi. Bu esa mahallada tinchlik va totuvlikni ta’minlashda juda ham muhim.
Hozirgi kunda mahallalar o‘z an’anaviy funksiyalarini saqlab qolgan holda, zamonaviy jamiyatning talablariga moslashib bormoqda. Ular ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hududlarni obodonlashtirish kabi yangi vazifalarni ham bajarmoqda.
Komissiya yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.
— May-iyun oylarida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishchi guruhlar tomonidan Surxondaryo viloyatidagi 15 ta tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalarining qarori bilan mahallalarda vakillar miqdori belgilandi. Bu yilgi saylovda 174 ming 449 nafar vakillar ishtirok etishi kutilmoqda, — deydi brifingda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi Abdiraim Choriyev.
Brifingda shu yilning may-iyul oylarida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi borasida ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositasi xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savolllarga javob olishdi.
Ma’lumot o‘rnida, viloyatimizda fuqarolar yig‘ini raislari saylovi joriy yilning 1-may kuni boshlanib, shu kuni saylov jarayoni tumanlar va Termiz shahrida namunaviy tashkil etiladi.
X. TOG‘AYMURODOV