QORABAYIR OTLARIDA OR TALASHAR OLG‘IRLAR

Date:

Qorabayir otlari haqida bilsangiz kerak, biroq ushbu zotli otlarni yetti yoshigacha yaxshi parvarishlab, tarbiyalansa, bor qobiliyatini ishga solib, mahoratini ko‘rsatar ekan. Aks holda, shunchaki, bo‘yin berib yuradi-yu qobiliyati yuzaga chiqmasdan qolarkan.
Balki shu fazilati sabab ham Qorabayir otlari tarixdan ham mashhurdir.
Sohibqiron Amir Temurning ko‘plab janglarda g‘alaba qozonganida ham Qorabayir zotli otlarning hissasi bor. Jaloliddin bilan Amudaryodan sakrab, uni asov daryodan omon olib o‘tgan ham aynan Qorabayir. Bunga tarix guvoh. Qorabayir otlari chapdast, yaxshi do‘st, va egasiga sadoqatli, vafodor.
Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi 2021-yilda ilk bor viloyatimizda tashkil etilishida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor, albatta. Aynan Qorabayir zotli otlarni ko‘paytirish, tashabbusi milliy iftixor namunasi hamdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda respublikada Qorabayir zotli otlar naslchiligi va sportini rivojlantirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati yetakchi hudud sifatida belgilandi.
— Mazkur maktabda ot sportining to‘siqlardan sakrash, polo, tentpegging, ot poygasi, ot ustida kurash, uloq-ko‘pkari turlari va zamonaviy beshkurash bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar uchun o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari doimiy ravishda olib borilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qorabayir otlari mahorat maktabi matbuot kotibi Humoyiddin Jo‘rayev. — Bundan tashqari, viloyatimizning shahar va tumanlarida jami 18 ta ot sporti seksiyalar faoliyati tashkil etilib, mazkur seksiyalarda jami 444 nafar ot sportiga qiziquvchi yosh muntazam shug‘ulla-nishmoqda. Shuningdek, ushbu maktabda yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan, noyob zotli sport otlari hamda Qorabayir nasldor ot zotlarini urchitish va ko‘paytirish yo‘lida ham bir qancha tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Shuningdek, Qorabayir zotli otlarni saqlash hamda jahon bozorida ot zotlari orasida Qorabayir ot zotining raqobatbar-doshligini ta’minlash maqsad qilingan.
Mahorat maktabida bo‘lganimizda otlarning har biri alohida xonada alohida saqlanayotgani-yu, ovqatidan, salomatligidan muntazam xabar olinib, jonivorlar sidqidildan parvarish-lanayotganidan, rosti, mamnun bo‘ldik. Chavandozlar bilan suhbatga tutinganimizda ulardan biri: “Ot nihoyatda ziyrak va pokiza jonivor. Odamlar bir-ikki ko‘rganda ham otning qandayligini, fe’lini bilolmasligi, “tili”ni tushunmasigi mumkin, lekin ushbu jonivorlar, bir ko‘rishdayoq odamlarni his qiladi, sezadi. Bularda sezgi juda yaxshi rivojlangan. Shuning uchun ham ot minishga kelgan kishi avval obdan tayyorlanadi.
hatdan tanishtirilib, keyingina, bir-biriga moslashgach, otda bemalol sayr qilish mumkin” deya so‘zlab berdi.
Eshitganim bor edi: ot odamning dardini oladi deb. Bu haqda ham Humoyiddin Jo‘rayevdan so‘raganimda, maktabda nevrologik, ruhiy va boshqa kasalliklarni davolash, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan (shu jumladan, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan) bolalarni ippoterapiya (otlar yordamida kasalliklarni davolash) uslubi yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha jismoniy mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidladi. Otlar haqida bunday o‘ziga xos ma’lumotlarni eshitib, rosti, otga mehrim oshdi, ot minishni ko‘ngilga tukkanimni ham yashirmayman.
— Mahorat maktabida Yevropaning “Ganover”, “Galshteyn”, Rossiyaning “Vladimir” zotli otlari, qolaversa, Shotlandiyaning poni otlari ham parvarishlanmoqda, — deydi mahorat maktabi katta yo‘riqchi metodisti Zafar Xadjayev. — Bu yerdagi har bir ot o‘ziga xos. Germaniya davlatidan keltirilgan Ganover zotiga mansub Lanselot laqabli ot to‘siqlardan sakrashda mohir bo‘lsa, Umaga laqabli ot esa jamoaviy o‘yinlarda, uloq-ko‘pkari musobaqalarida tezligi, chidamliligi bilan ajralib turadi.
Otning qobiliyatini ochish uchun, albatta, uni parvarishlaydigan, minib maydonda sinaydigan chavandoz ham mohir, otni yaxshi biladigan mutaxassis bo‘lishi kerak. Furqat Mustanov ana shunday chobag‘onlardan. Chobag‘onning aytishicha, otlar o‘yin vaqtida, odamlar tomoshaga, otda sayrga kelishganda hurkib ketib, qiliq ko‘rsatmas ekan. Sababi, jonivorlar yaxshi tarbiyalangan. Qarang-a, tili-zaboni, aqli odamlarnikidek bo‘lmasa ham, tarbiyalansa, tepinmaydi, qobiliyatini namoyish etadi.
Qorabayir ot zotlari ishtirokida milliy ot sporti turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib kelinmoqda. Ana shunday musobaqalardan birida ishtirok etib, otlar va chavandozlar o‘yinini tomosha qildim. Chavandozlar maktablari o‘rtasida ot sportining polo turi bo‘yicha mintaqaviy Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyati jamoalari o‘rtasida musobaqadamiz. Otlarning chiroyli o‘yin ko‘rsatishi, intizomi bor. Musobaqada odam gavjum. Mas’ullar ham tomoshaga shay. Musobaqaga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, viloyat Yilqichilik va uloq-ko‘pkari federatsiyalaridan mehmonlar tashrif buyurishdi.
Qizg‘in kechgan bahslarda chobag‘on va otlar bor mahoratini maydonda sinashdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi jamoasi 2-o‘rinni, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘lishdi. G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.
Bir narsa aniqki, ushbu mahorat maktabi tashkil etilgach, ot sportiga qiziquvchi yoshlar safi kengaygan, oilaviy otda sayr qilishni odat qilgan odamlar ko‘paygan, ahamiyatlisi, ippoterapiya orqali bemor bolalarning salomatligi yaxshilangan. Bu esa bunday ezgu tashabbusga bejiz qo‘l urilmaganidan dalolat.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Ustozlik — taqdirim, mukofot esa sharafim”

O‘qituvchilik — bu kasb emas, bu taqdir. Har bir...

Birinchi saboq

Maktabda kirish qo‘ng‘irog‘i jiringlashi bilan sinfxonalarga bir-bir ko‘z yugurtirish...

Taraqqiyot poydevori

Jamiyat taraqqiyoti, inson tarbiyasiga, inson tarbiyasi esa ilk yoshdan...

GANDBOL OMMAVIYLASHMOQDA

O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor bugun qanday samara...
KunTun
KunTun