Qariyb ikki oy davom etgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?!” tanlovida viloyatning 15 ta shahar va tumanidagi 961 ta umumta’lim maktabi jamoalari ishtirok etdi. Dastlab sektor va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 ta jamoa, shuningdek, mezbon sifatida Termiz shahridagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi viloyat bosqichida bilim va iste’dodlarini sinovdan o‘tkazdi.

Birinchi shartda ishtirokchilar o‘zlari istiqomat qilayotgan hududning ekologik holati, tabiiy boyliklari, flora va fauna olami haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar. Jamoalar sahna ko‘rinishlari, she’r va badiiy chiqishlar orqali ekologik muammolar va ularning yechimlarini yoritib berishga harakat qilishmoqda. Ishtirokchilarning ijodiy chiqishlari hakamlar hay’ati va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, yoshlarning ekologik masalalarga bo‘lgan e’tibori, ularning o‘z hududidagi muammolarni hal qilishga intilishi, ekologik ongni shakllantirish borasidagi tashabbuslari yuqori baholandi.

Koʻrik-tanlovning ikkinchi shartida barcha jamoalar hamjihatlik bilan berilgan savollarga javob berdi. Ekologik madaniyatni yuksaltirish va atrof-muhit muhofazasiga bo‘lgan e’tiborni oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovning uchinchi sharti doirasida jamoalar jamiyatimizda mavjud bo‘lgan turli ekologik muammolarni sahna ko‘rinishlari orqali yoritib berdilar.

Jamoalar o‘z chiqishlarida bugungi kunning eng dolzarb ekologik masalalariga e’tibor qaratib, atrof-muhitning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni qayta ishlash muammosi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va yashil muhitni saqlash kabi mavzularda ta’sirli chiqishlar qilishdi. Sahna ko‘rinishlari orqali insonlarning tabiatga bo‘lgan munosabati, ekologik qonunlarga rioya qilish zarurligi hamda bu borada har bir fuqaroning mas’uliyatli bo‘lishi lozimligi targ‘ib qilindi.

Tomoshabinlar va hakamlar hay’ati jamoalarning ijrosini yuqori baholab, ularning ijodiy yondashuvi va dolzarb masalalarni yoritish mahoratiga alohida e’tibor qaratishdi.
To‘rtinchi shartda jamoalar o‘z ekologik loyihalarini taqdim etdilar. Ushbu bosqichda ishtirokchilar jamiyatimizda mavjud bo‘lgan dolzarb ekologik muammolarni tahlil qilish bilan birga, ularning amaliy yechimlarini ham ilgari surdilar. Ayniqsa, Angor, Sho‘rchi va Termiz shahridan ishtirok etgan jamoalarning amaliy ahamiyatga ega, maktab darajasida amalga oshirish imkoni bo‘lgan tashabbuslari tanlov hakamlar hay’ati hamda tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu loyihalar ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning faolligini oshirish, ularda tabiatga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytirish va hududiy ekologik sharoitni yaxshilashga qaratilgan amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Tanlov doirasida ilgari surilgan loyihalar kelgusida hududiy ekologik dasturlar doirasida qo‘llab-quvvatlanishi va maktab hamjamiyatlari tomonidan hayotga tatbiq etilishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi viloyat boshqarmasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar viloyat boshqarmasi mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi. Bellashuv jarayoni “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?!” ko‘rik-tanlovi nizomi asosida amalga oshirildi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga faxriy yorliq va tashakkurnomalar topshirildi. G‘olib Denov tumanining 81-sonli maktab jamoasi esa respublika bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.

Ushbu tanlov nafaqat yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirishga, balki Surxondaryo viloyatida ekologik muammolarga qarshi amaliy yechimlar ishlab chiqishga ham katta hissa qo‘shdi. Tanlov natijalari kelgusida maktablar, mahalliy hokimiyat va tadbirkorlar hamkorligida ekologik loyihalarni real hayotga tatbiq etish yo‘lida mustahkam asos bo‘lishi kutilmoqda.