Odamoxun, samimiy inson edi

Date:

Tanish ohanglar, qadrli misralar qulog‘imizga chalingani hamono xotiralar girdobiga g‘arq bo‘lamiz. qandaydir voqealar, kimlardir yodimizga tushib, o‘sha onlarga qaytaradi. Qalbimizda esa ajib tuyg‘ular uyg‘onadiki, buni so‘z bilan ifoda etishga ijodkor qalami ham ojizlik qiladi. O‘sha bir oniylik lahzalardan chiqishni istamay qolamiz. Shundan so‘ng esa ilhom quyilib keladi va qog‘oz qoralashga tutinaman.
Hayot shunday, goh eslaganingizda qalbingizni o‘rtovchi xotiralarni uyg‘otib yuboradi. Ha, biz ana shu hayotimizning pillapoyalaridan bir-bir odimlab yuqorilab boraveramiz. Bu bosqichlarda nimanidir tushunamiz, anglaymiz. Ma’nan o‘sganimizni, qarashlarimiz o‘zgarib borayotganini his etamiz. Bu anglashlar esa bizni yanada oldinga intilishga, o‘sishga undayotgandek. Ijodkor bo‘lsangiz bormi, bunday mohiyat xayol va hayot chiziqlarini tutashtirib, she’r tug‘ilishiga zamin hozirlaydi. Men ham ana shunday ijod ahlidan ekanimdan faxrlanaman. Bu yo‘lga qadam qo‘yishimga turtki bo‘lgan insonni esa tez-tez yod etaman, xotirlayman, shirin xotiralar xayolimda gavdalanadi-yu, o‘sha lahzalarga qaytaman. Esimda, 1984-yil iyul oyida “Lenin bayrog‘i” (hozirgi “Surxon tongi”) gazetasida ishga kelganman. Meni musahhih sifatida ishga qabul qilishgan. O‘sha kunlarda Mahmud Abulfayz bilan tanishganman. Mahmud aka mas’ul kotib lavozimida ishlar edilar. Tahririyatda o‘sha davrning qalami o‘tkir jurnalistlari Soatmurod Jo‘raqulov, Tansiqboy Tumeshev, Olimjon Usanov, Muhidin Merganov, Rahmatulla Abdurahmonov, Bolta Yoriyevlar faoliyat yuritardi. Ammo ular ichida Mahmud aka kamina uchun qandaydir yaqin va qadrli edi. U kishining odamoxunligi, ayab, o‘ta samimiy feli balki men uchun shunday taassurot qoldirgandir.
O‘sha yillarni eslasam, qizg‘in ijodiy muhit kino tasmasidek ko‘z o‘ngimdan o‘taveradi. Katta tirajdagi gazetaning har bir soni jamoaning ahilligi, uyushqoqligi bilan bosilib chiqardi. Muhim mavzulardagi maqola va xabarlar tayyorlanar, harf teruvchi qizlarning qo‘li-qo‘liga tegmay mashinkani chiqillatgancha yozishlari, bosmaxonadagi qo‘rg‘oshin quyindi hidi dimoqqa urilishi, katta dastgohlarda mehnatlarimiz mevasi bo‘lmish gazetaning bosilib chiqishi esa mehnat-u zahmatlarimizni aritib yuborardi. Keying songa tayyorgarlik ham xuddi shunday davom etardi…
Bu gazetada oddiy xodim bo‘lsam-da, uning xatosiz ketishida mening ham hissam borligi mas’uliyatimni ming karra oshirardi. Doimo Mahmud aka bilan birgalikda ishlab, doimiy u kishi bilan muloqotda bo‘lardik. Kichik xodim bo‘lsam-da, ustoz doim meni izzatlar, yordam va tavsiyalarini ayamasdi. Ana shunday tavsiya va yo‘nalish bilan o‘zimdagi iqtidorni kashf etdim, maqola va hikoyalar yoza boshladim. Gazeta qoshida tashkil etilgan “Ishchi-dehqon muxbirlar universiteti” mashg‘ulotlarida toblandim, tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘ldim. Bu gazeta men uchun katta hayot maktabi bo‘ldi. Har doim tahririyatga kelarkanman, oldingidek qizg‘in ish ustida gazeta sahifalari tayyorlanayotganining guvohi bo‘laman. Bir necha o‘n yillar oldingi kabi men va ustozim Mahmud Abulfayzning gazetachilik, adabiyot haqidagi qiziqarli, mazmunli suhbatlarimiz, u kishining kuyunchaklik ila aytgan gaplari quloqlarim ostida jaranglab ketadi. Qalbimda esa mana shu xotiralarni uyg‘otgan, mendagi “men”ni uyg‘otgan, ajoyib insonni ustoz bo‘lishiga sabab bo‘lgan ushbu dargohdan minnatdorman.

Abduvali Ahmad,
Termiz tumani

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Naqshbandiya yo‘lining yuragi

 Turkiya va Indoneziyada Surxondaryo viloyatining ziyorat va turizm salohiyati...

“27 qozonda – 27 xil osh”

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti talabalar turar joyida...

360 o‘rinli bog‘cha qurilishiga start berildi

Prezidentimizning qamrov darajasi past bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida...

Bandligi ta’minlandi

Angor tumanining “Qorasuv” mahallasida yashovchi, II guruh nogironi Zafar...
KunTun
KunTun