Uy — vatan ichra kichik bir vatandir. Umr bo‘yi ishlab, mehnat qilib, uy solishga, ezgu niyatlar ila imorat qurishga harakat qilishimizning boisi ham shundan. Axir, farzand-u nabiralarimizga bizdan vatan qolishi kerak-ku?! Yangi yil arafasida turib, birinchi navbatda, ana shunday tilaklar ko‘nglimizdan o‘tishi tabiiy. Afsuski, uy qurish oson emas, hammaning ham qurbi, imkoniyati yetavermaydi. Ammo osmoni musaffo, tinchlik-osudalik hukm surayotgan, inson qadri ulug‘langan bu yurtda hammaning ham o‘z uyi bo‘lishi shartligi davlat siyosati darajasidagi masalaga aylangan. Bunga o‘z ko‘zlarimiz bilan guvohi bo‘layotganimiz qalbimizga iftixor tuyg‘ularini mavjlantirib yuboradi.
Surxondaryo viloyatining Muzrabot, Sherobod va Angor tumanlarida yashaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 30 oila Sherobod tumanidagi Bog‘i obod mahallasida foydalanishga topshirilgan o‘z uylari Yangi yilni kutib olishdi. Yangi uyda Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigini tinglab, qalbi bir olam faxrga to‘lgani haqiqatan quvonchli hodisa deyish mumkin.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi homiyligida bunyod etilgan 2 sotixli yangi uy-joyda tinch, farovon turmush kechirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir yo‘la jihozlanib, zamonaviy loyihalar asosida qad rostlagan shinam va yorug‘ uylar Muzrabot, Sherobod va Angor tumanlarida turar-joyga ega bo‘lmagan yoki ota-onasi uyida istiqomat qilayotgan nogironligi bor ehtiyojmand oilalarga Yangi yil sovg‘asi sifatida tuhfa etildi.
Nogironligi bo‘lishiga qaramay, cho‘ponlik qilib ro‘zg‘or tebratayotgan sherobodlik Xolmurod Boyto‘rayevning turmush o‘rtog‘i hech qayerda ishlamaydi. Farzandlar tarbiyasi bilan band. Oilaning tashlandiq uyda yashayotgani esa haqiqiy ahvol yaxshi emasligini oshkor qilib qo‘yadi. Yangi yil arafasida ular yangi uyning kalitini qabul qilib olayotgan qahramonimizning ko‘ngil kechinmalarini tasavvur qilavering endi. Barchaga birdek g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgan Vatanda yashayotganiga shukrona aytishdan to‘xtamayotgan vohadoshimiz shu tariqa yangi uylardan birining egasi bo‘lib turibdi. Oilasi, farzandlari bilan barcha shart-sharoitlari badastir xonadonda yashashlari kutilmagan tuhfa bo‘ldi.
Muzrabot tumanidagi “Oriyat” mahallasida istiqomat qiladigan nogironligi bor Muhabbat Shomurodovaning esa eski bo‘lsa-da uyi yo‘q edi. Ijaram-ijara yurishga mahkum ayolning ikki farzandi ham sarson-sargardon edi. Turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Onaxon bu yil ilk marta Yangi yilni o‘z uyida kutib oldi.
— Prezidentimizning Yangi yil tabrigi davomida minglab yurtdoshlarimiz Yangi yilni yangi uylarda kutib olmoqda, degan so‘zlarini yangi uyimizda eshitib, o‘zimni ushlab turolmadim. Ko‘zimga quvonch yoshlari keldi, — deydi Muhabbat Shomurodova. — Ana shu minglab oilaning biri biz ekanimizdan faxrlandim. Axir, yetti yildan ortiq vaqt ijarada yashab keldik. Shu davrda to‘rt marta ijara uyimizni almashtirdik. Orada farzandlarim ham ulg‘ayib qoldi. Turmush o‘rtog‘im uy qurish uchun pul topish maqsadida Rossiyaga ishga ketdi. Baribir uning topgani ham ijara haqi-yu, ro‘zg‘or xarajatlaridan ortmayotgan edi. Endi turmush o‘rtog‘im ham musofir yurtdan qaytadigan bo‘ldi. Bizdek ehtiyojmand, uy-joyi yo‘q oilalarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.
Tinch, osuda hayotimiz posbonlari homiyligida barpo etilgan mo‘jazgina massivda mahalla markazi, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, kitob do‘koni, tibbiyot maskani, hajmi 40 tonna sig‘imga ega 21 ta intensiv baliqxona, uchta 50 tonna suv sig‘imiga ega ko‘l foydalanishga topshirildi. Ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ishsiz a’zolari mehnat qilib, munosib turmush kechirish uchun zarur daromadga ega bo‘ladi.
Yangi yilni yangi uyda kutib olishdi…
Date:

