Baxshichilik – ikki buyuk daryo, Jayxun va Sayxun oralig‘idagi sivilizatsiyalarni yaratish qudratiga ega bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizdan meros. Ushbu merosni avloddan avlodga yetkazuvchilar esa baxshilardir.
Baxshi deganda, ko‘z o‘ngimizda soch-soqollari oqargan, biyron so‘zlovchi va hozirjavob, donishmand nuroniyning obrazi namoyon bo‘ladi. Baxshi kuylaganda, doston aytganda, tariximiz, milliy qadriyatlarimiz tarannumi, kengliklar uzra baralla kuylanayotgan do‘mbiraning ovozi olamni tutib, baxshining ovozi qalbning qat-qatiga kirib borib, yuraklarni bir entiktirib yuboradi. Baxshining dostonlarini eshitganda, termalaridan bahra olib, aytishuvlariga quloq tutganda beixtiyor kishi o‘zini xotirjam sezadi. Tarixini, o‘zligini, milliy qadriyatlarini yana bir bor anglaganday bo‘laveradi.

Shuning uchun ham bugun baxshichilikka va baxshilarga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Chunki xalqning milliy g‘ururini ko‘tarish, tarixni va o‘zlikni anglaydigan avlodni tarbiyalashda eng muhim vositalardan biri bu shubhasiz baxshichilikdir.
Yurtimizda berilgan e’tibor tufayli hozir baxshichilik san’ati festival va tanlovlarda tobora yosh yigitlar va hattoki qizlar ham do‘mbira chertib, doston va termalarni baralla kuylashmoqda. Yurtimizda baxshichilik o‘z an’ana, maktab va istiqboliga ega san’atga aylandi. Ayniqsa, keyingi yillarda milliylikni teran anglash va yoshlarda milliy qadriyatlar bilan faxrlanish tuyg‘ularini mustahkamlash, vatanimiz hududi insoniyat madaniyatining ilk beshiklaridan bo‘lganligi dalillarini jahon hamjamiyatiga yetkazish g‘oyasi bevosita davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotganligi tahsinga sazovor.
Yna bir muhim jihatni ta’kidlash joizki, YuNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitasining XVI sessiyasida “Baxshichilik san’ati” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish haqidagi taklifi ham ovozga qo‘yildi va yakdillik bilan tasdiqlandi. YuNESKO ro‘yxatiga kiritilishining barcha mezonlariga mos kelgan bu noyob nomoddiy madaniy meros yer yuzida kamdan-kam xalqlarda mavjud bo‘lib, necha ming yillar osha bizgacha bezavol saqlanib, yetib kelgan. YuNESKOning bu qarori Baxshichilik san’atini jahon miqyosida yuksak e’tirofi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Xalq uchun kuylab o‘tgan, xalqona ohanglari bilan xalq baxshisi, deya e’tirofga munosib ko‘rilgan, kamtarin va kamsuqum Abdunazar Baxshi Poyonov ham ana shunday baxshilardan biri edi. Umri baxshichilikka baxshida baxshining baxshichilikka qo‘shgan xizmati beqiyos va betakrordir. Shundanmi, Abdunazar Poyonov el orasida “Surxon bulbuli” deya e’tirof etilgan.
Prezidentimizning “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Termiz iqtisodiyot va servis universitetida Sherobod dostonchilik maktabi vakili Abdunazar baxshi Poyonovning 70 yillik yubileyi munosabati bilan “Abdunazar Poyonovning baxshichilik san’atida tutgan o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika baxshichilik san’ati markazi vakillari, O‘zbekiston xalq baxshilari, professor-o‘qituvchilar va universitet talabalari ishtirok etishdi.
Konferensiyada Abdunazar Poyonovning hayot yo‘li, dostonchilik maktabida tutgan o‘rni, aytgan termalari, dostonlari, Qashqadaryo va Sherobod dostonchilik maktabi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik haqida ma’ruzalar qilindi. Ayniqsa, baxshilarning terma-aytishuvlari tadbirga shukuh bag‘ishladi.
Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad baxshilarni e’zozlash, ularning merosini asrab-avaylash, qolaversa, baxshilar nomini abadiylashtirish, shuningdek, yoshlarni ushbu san’atga kengroq jalb etishdan iboratdir.

Konferensiya doirasida ilmiy maqolalar to‘plami chop etildi. Shuningdek, baxshichilikka qiziquvchi yoshlar uchun yanada qulaylik yaratish, yangidan yangi iste’dodli baxshilarning yetishib chiqishida ko‘maklashish maqsadida Baxshichilikka oid o‘quv qo‘llanma ham taqdimot qilindi. Ushbu qo‘llanmaning afzalligi shundaki, baxshi bo‘laman, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazish, baxshichilikni yanada rivojlantirish uchun bu kitob orqali dostonlar-u termalarning kuylanishini kitobda berilgan maxsus kod orqali videodarsliklarda ham tomosha qilib, bilim va ko‘nikmasini mustahkamlashi mumkin.
Abdunazar Poyonov asli angorlik bo‘lib, Sherobod dostonchilik maktabi vakili. Dostonchilik an’analarini Mardonaqul baxshi, Umir baxshilardan oʻzlashtirgan. Baxshining repertuaridan 40 dan ortiq dostonlar, 200 ga yaqin termalar joy olgan. Jumladan, xalq baxshisi “Alpomish”, “Malika ayyor”, “Sherali”, “Malika ayyor”, “Ravshanxon”, “Kelinoy” kabi yirik dostonlarni kuylab o‘tgan. va boshqa dostonlar, doʻmbira kuylari, shuningdek, xalq hamda Vatanga muhabbat, sadoqat, xalq hayoti mavzularida oʻzi ijod qilgan termalar oʻrin olgan. Xalqaro va respublika baxshi-shoirlar tanlovlari laureati. Prezidentimizning 22-avgustdagi farmoni bilan “O‘zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Qahhor baxshining Abdunazar poyonov haqidagi hayotiy hikoyasi el ardog‘ida yashagan va xalqi uchun ulkan ma’naviy meros qoldirib ketgan baxshining surati-yu siyratiga munosib chizgi bo‘ldi.
Ushbu konferensiyada Termiz davlat universiteti hamda Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘qituvchilari tomonidan baxshilik san’ati tarixi, Abdunazar baxshining hayoti va faoliyatiga oid ma’ruzalar qilinib, shu bilan bir qatorda, baxshilar aytishuvi ham konferensiyaga yanada qizg‘inlik baxsh etdi. Bir tomondan Murod baxshi ikkinchi tomondan Rasul baxshi do‘mbiraga jo‘r bo‘ladi. Bobosher baxshi, Begjon baxshi bilan nag‘ma qilgan bo‘lsa, Abdumurod baxshi Qahhor baxshi bilan aytishuvda davraga yanada fayz kiritdi.
Kengliklar bag‘rida do‘mbirasini dast ko‘tarib ovoziga zo‘r berib kuylaydigan baxshilarning Abdunazar Poyonov haqidagi iliq va samimiy fikrlari talabalar uchun o‘ziga xos dasturil amal bo‘ldi. Ijodkorning ijodidan bahramand bo‘lish va Abdunazar baxshining “qo‘li”ni olib, baxshi bo‘lib yetishishida ushbu konferensiya o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi. Tadbirda ta’kidlanganidek, baxshi yodi yillar davomida tillarda doston bo‘lib, nomini abadiylashtirish, merosini o‘rganish borasida ushbu konferensiya debocha bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Adolat MO‘MINOVA