90 yilki otaxon gazeta “Surxon tongi” elu xalqqa ma’naviyat ulashib kelmoqda. O‘qishli materiallari bilan gazetxonlar ko‘nglidan joy olishga-da ulgurgan. Hozirda “Surxon tongi” gazetasi 3500 nusxada, “Zarya Surxana” gazetasi esa ming nusxa chop etilayotir. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari tahririyatida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar va mavjud muammolarni o‘rgandi.
–Internet tarmog‘i kundalik yangilik va turli xabarlar bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tezkor tanishish imkoniyatini yaratdi. Shuning uchun ham ko‘pchilik o‘ziga qulay bilib, kundalik axborotga bo‘lgan ehtiyojini ijtimoiy tarmoq orqali qanoatlantirishga odatlandi. Biroq, virtual olamda inson ma’naviyatini oshiradigan, chuqur mushohadaga undaydigan maqolalardan ko‘ra asoslanmagan yoki bir taraflama fikr yuritilgan material ko‘p. Bu ayniqsa, yosh avlodni chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Shu bois ota-onalar har kuni ozgina vaqt sarflab, kitob, gazeta, jurnal mutolaa qilishi va farzandlarini ham shunga o‘rgatishi kerak. Yoshlarning ko‘z nurini asrashi, savodxon, yuksak ma’naviyat sohibi bo‘lishida gazeta, jurnal o‘qishning ham o‘z o‘rni, o‘z gashti bor, — deydi viloyat hokimi.
Viloyat rahbari tahririyatda ijodkorlar va texnik xodimlarning ish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Viloyatdagi deyarli barcha gazetalarni chop etib kelayotgan tahririyat bosmaxonasi bilan tanishdi. Tahririyat jamoasi va voha kitobxonlari uchun tashkil etilgan mo‘jazgina kutubxonada bo‘ldi.
Xolbuki, gazetani tayyorlashdan chop etgunga qadar bo‘ladigan bosqichda jonbozlik ko‘rsatayotgan tahririyat jamoasi ishni va bo‘sh vaqtini ham mazmunli o‘tkazadi. Buning uchun nashriyot uyida yetarlicha shart-sharoit va imkoniyatlar bor. Sport zali ana shunday maqsadga xizmat qilsa, oshxonada esa har kuni mazali va issiq taom sog‘lom hayot tarzini olib borish uchun xizmat qiladi. Viloyat hokimi oshxona va sport zali bilan ham tanishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Surxon tongi nashriyot uyidagi tashrif davomida viloyat rahbari gazetani mazmunan boyitish lozimligini, bu esa o‘quvchilari safini kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab, zamonaviy binoda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan holda, ayniqsa, bosmaxonada chop etilayotgan gazetalar sifatiga e’tiborni kuchaytirish yuzasidan o‘zining taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.