Maktab formasi har doim ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib keladi. To‘g‘ri, hammaning ham bu borada o‘z fikri, munosabati bor. Ammo, shuni ham unutmaslik kerakki, farzandlarimiz maktabga usti-boshini ko‘z-ko‘z qilgani emas, ta’lim-tarbiya olish, o‘qib o‘rganish uchun boradi. Boshqa jihatlarga e’tibor qaratish esa o‘z vazifasidan chalg‘itib qo‘yadi.
Nima bo‘lganda ham har bir maktabda o‘quvchi etiketiga rioya qilinib, e’tiborni tortmaydigan formalar joriy etilishi maqsadga muvofiqdir. Shu sababdan ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 271-sonli qarori qabul qilingan.
Aytish lozimki, ushbu qarorga muvofiq, yagona maktab formasiga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Surxondaryo viloyatida ham bosqichma-bosqich maktablarda ixtiyoriy ravishda yagona maktab formasiga o‘tish ishlari olib borilayotir. Viloyatdagi kam taʼminlangan oilalarning farzandlari ham shu jihatdan e’tiborga olingan va ana shunday oilalarning 2 099 nafar farzandi uchun maktab formalari mahalliy byudjetning qo‘shimcha mablag‘lari hamda «Temir daftar», «Аyollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan olib berildi.
Ayniqsa, yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida maktab o‘quvchilarining asosiy turdagi o‘quv qurollari, kiyim-kechak va poyabzallar bilan taʼminlash maqsadida savdo yarmarkalari tashkil etilgan. Ushbu yarmarkalar joriy yilning 10-avgustdan 10-sentyabrgacha viloyatdagi buyum va oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida, yirik savdo majmualarida, do‘konlarda hamda maktablarda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Maktab yarmarkalari faoliyatini boshladi
Date: