Obshir obod manzilga aylanadi

Date:

Mahallalarda yashashimizni hisobga olsak, ushbu maskan eng obod manzilga aylanmog‘i, aholini farovon yashashi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmog‘i lozim. Bugungi kunda hududlarda ayni shu jihatlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Oltinsoy tumanidagi “Obshir” mahallasi esa og‘ir toifaga kiruvchi hudud sifatida tanlab olinib, mahalla infratuzilmani yaxshilash, aholi farovonligini oshirish maqsadida “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturi amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni namunali tashkil etish maqsadida shtab yig‘ilishi tashkil etildi. Unda Oltinsoy tumani hokimi Bahrom Maxmatraemov va tuman Xalq qabulxonasi mudiri Hayitmurod Astanaqulovlar tomonidan tumandagi korxona, tashkilotlar rahbarlariga va mahallada obodonchilik ishlari bo‘yicha mas’ullarga namunaviy “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni sifatli bajarish bo‘yicha aniq va ravshan topshiriqlar berildi va ularni hal etish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi.
Qolaversa, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minotini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Dastur asosida ishlarni sifatli va muddatida amalga oshirib, qishloq aholisi uchun qulayliklar yaratish topshirildi.


Shundan so‘ng, amaliy sa’y-harakatlar start olib, mahalla ahli va mas’ullar hamkorligida yo‘l xaritasida ko‘rsatilgan ishlar birma-bir amalga oshirila boshlandi. Birinchi navbatda mahalladagi toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 3 kilometr masofadagi suv havzalarini birlashtiradigan quvurlarni yotqizish ishlari boshlandi. Quvurlarni yoqizish uchun transheyalar qazilib, “Suv ta’minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi ishchi va xodimlari tomonidan quvurlarni payvandlash ishlari olib borildi.
Mahalladagi eng muhim masalalardan biri bu aholining elektr energiyasi bilan uzilishlarsiz va doimiy ta’minlashdir. Shu sababdan ham xatlov va o‘rganishlar davomida aniqlangan mahalla ko‘chalaridagi eski simyog‘ochlar o‘rniga 60 ta yangi beton stolbalar keltirib, tushirildi. Qolaversa, 110/35/10 kV “Oltinsoy” podstantsiyasi va 19 kilometrlik 110 kV havo tarmog‘i hamda 25 000 kVAlik 2 ta transformator punkti qurilishi boshlandi. Loyiha tumanda infratuzilma rivojlanishiga, 32 ming xonadon, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlari, ishlab chiqarish korxonalarining elektr ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Loyihaga start berish tadbirida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. Viloyat rahbari loyihani belgilangan muddatda sifatli amalga oshirish topshirig‘ini berdi. Qurilish-ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ullar belgilandi. Aholi farovonligiga xizmat qiluvchi loyiha boshlanishi oldidan jonliq so‘yilib, ehson qilindi.

Oltinsoy tumanidagi «Obshir» mahallasida «Obod mahalla», «Obod ko‘cha» va «Obod xonadon» mezonlarini joriy etish bo‘yicha amaliy harakatlarning 3-kunida erta tongdan ish qizg‘in boshlandi. Yosh-u keksa bir bo‘lib, mahalla va ko‘chalarni obod qilish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shishga kirishib ketdilar. Shuningdek, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari va mahalladagi hokim yordamchisi Soatmo‘min Jumayev boshchiligida qabristonni tozalash ishlariga kirishildi.
Tuman Veterinariya bo‘limi xodimlari tomonidan esa aholining chorvasi va ushoq mollari xatlov qilinib, peshma-pesh veterinarvrachlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Shtab yig‘ilishida berilgan topshiriqqa binoan, aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Oltinsoytumangaz” xodimlari ham bekor o‘tirmay ishga kirishdilar.

Ishchi guruh joylashgan mahalladagi 21-umumta’lim maktabida katta hashar o‘tkazilib, maktab hovlisi has-xashaklar va chiqindilardan tozalandi. Ko‘chatlar tagi yumshatilib, gullarga suv quyildi. Hashar elga yarashar, degan naql bor. Bunday jonbozliklardan so‘ng maktab hovlisi yaraqlab ketgandek bo‘ldi.

Patronaj hamshiralari va tumandagi mutaxassislar esa xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish, xonadonlarda tozalik, sanitariya qoidalariga rioya etish borasida targ‘ibot ishlarini boshlab yuborishdi.
— Salomatlik eng avvalo insonning kayfiyatiga bog‘liq, — deydi “Obshir” ko‘chasi, 70-uyda istiqomat qiluvchi Toshpo‘lat Daminov. — Tibbiyot xodimlarining uyimizga kelib xabar olishi ko‘nglimizni ko‘tardi. Xasta ko‘ngillarga esa ishonch bag‘ishladi.
“Yo‘l xaritasi”dagi kun tartibidan o‘rin olgan masalalardan biri — aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari edi. Tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari soat kunduzi 9:00 danoq aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni boshlab yuborishdi. Quvonarlisi, mahalladagi 21-maktab hovlisida soya-salqin joyda viloyat markazidan kelgan vrachlar tomonidan mahalla ahlini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davom ettirildi. Tibbiyot xodimlari bilan birga viloyat markazidan keltirilgan mammograf, rentgen, UZI kabi ko‘chma laboratoriyalar aholini tekshiruvdan o‘tkazdi.
—Men 1936 yilda tug‘ilganman, — deydi tibbiy ko‘rikka kelgan nuroniy oqsoqol Ro‘ziboy bobo Irisov. — Mahallada bo‘layotgan xayrli ishlar uchun Prezidentimizdan, davlatimizdan minnatdormiz. Alloh ularning sog‘ligini bersin.

Prezidentning Oltinsoy tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Hayitmurod Astanaqulov rahbarligida mahallani obod etish borasida tuzilgan shtabning yig‘ilishi o‘tkazilib, kecha bajarilgan ishlar tahlil qilindi va bugungi ko‘zlangan marralar borasida ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni ko‘chalarni toshlash ishlari ham bajarildi. Qishloq o‘rtasidan o‘tgan sangloqdan qudratli mashinalarga yuklangan shag‘al-tosh qabriston yo‘liga to‘kila boshlandi. Bundan mahalla ahli juda mamnun.
—Qishlog‘imiz obod bo‘la boshladi, — deydi Bibisora opa G‘afforova. — Ko‘rib ko‘zimiz quvonayapti. Qishlog‘imiz baland adirlikda joylashgan emasmi, havosi toza. Nasib bo‘lsa, kelajakda qishlog‘imiz sayyohlar kelib dam oladigan ajoyib maskanga aylanadi.


Viloyat hokimi Oltinsoy tumanida bo‘lib, “Obshir” mahallasiga tashrif buyurdi. Dastlab, mahallada “Oltiariq tajribasi” asosida amalga oshirilayotgan voish usulida uzumchilikni tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Hududda 120 gektar maydonga toklar uchun ustunlar o‘rnatilgan va 35 gektariga uzumning hosildor “Sug‘diyona” navi ekilgan. Hududning o‘zida soha mas’ullari va bog‘bonlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, tumanda uzumchilikni rivojlantirish, yangi hosildor, eksportbop uzum navlari ekish, tokzorlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat rahbari mas’ullarga loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirish, tumandagi eski, samarasiz bo‘lib qolgan tokzorlarni xatlovdan o‘tkazib, yaroqsizlarini “Oltiariq tajribasi” asosida qayta tashkil etish, yangi tokzorlar barpo etish topshirig‘ini berdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Obshir” mahallasida katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqdaki, qisqa muddat ichida ushbu mahalla obod va nurli maskanga aylanadi. Barcha soha va tizimda berilgan topshiriq va vazifalar bajarilib, mahalla ahlining farovon hayot kechirishi, turmushi yaxshilanishiga erishiladi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun