«O‘zbekistonda jadidlar muzeyi tashkil etiladi»

Date:

Jadidlar deyishimiz bilan millat taqdiriga befarq bo‘lmagan bir guruh jonkuyar, uyg‘oq ko‘ngilli ziyo xalq vakillarining o‘lmas siymosi ko‘z o‘ngimizda gavdalangandek bo‘ladi. Hur fikrli bu insonlarning millatimiz tarixida o‘rni benihoya katta. Xalq ko‘zini ochib, g‘aflatdan uyg‘otishga uringan harakatlari aytish kerakki, besamar ketmadi. Ha, ayni jadidchilik namoyandalarining intilishlari bilan yurtimizda gazeta va jurnallar nashr etila boshlandi, yangi usul maktablar ochilib, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratildi.
Bugun biz yoshlar jadidlarimizni har qancha o‘rgansak oz. Bu o‘rganish kitoblardagi ma’lumotlar bilan cheklanishi, kifoyalanishi yomon. O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi sa’y-harakatlari bilan jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilishi esa ular haqidagi bilim va taasurotlarimizni yanada mustahkamlaydi.
Jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning uyi davlat tasarrufiga qaytarildi. Endilikda xonadonda muzey yaratiladi. Ushbu loyiha Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev xonadoni – dastlabki yangi uslubdagi maktablar ochilib, o‘z davrining zamonaviy ta’lim tizimiga mos ravishda ilmga tashna o‘quvchilarga ona tili, matematika, tarix, geografiya va boshqa fanlardan bepul saboq berilgani bilan mashhur.
Uy 1860–1870-yillarda qurilgan bo‘lib, nafis Buxoro me’morchiligining yorqin namunasidir. Yaqin-yaqingacha binoda mehmonxona joylashgan edi, ammo Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi sa’y-harakatlari bilan tarixiy obyekt davlat tasarrufiga qaytarildi. Loyihani amalga oshirish uchun uyning yaxshi saqlanib qolgan eski qismida zarur restavratsiya ishlari olib boriladi. Uyga tutash yangi joylarni esa qayta qurish reja qilingan.
Muzeyda jadidchilik namoyandalarining qo‘lyozmalari va shaxsiy buyumlari, qadimiy qo‘lyozmalar, shuningdek, XIX asr mavzulari va turkiylar madaniyatini aks ettiruvchi hozirgi zamon adabiyotlari to‘plamidan iborat ekspozitsiya taqdim etiladi. Mazkur namoyish buyumlarini yaratishda muzeyni tashkil etish tashabbuskorlaridan biri, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayevning o‘g‘li, mavzuga oid kutubxonasini muzeyga hadya etish istagini bildirgan Temur Xo‘ja o‘g‘li yordam beradi. Biroq tashkilotchilar o‘z pirovard maqsadlarini ancha kengroq olmoqda – nafaqat muzey, balki ilmiy va ilmiy-tadqiqot izlanishlarini olib borish uchun jadidchilik tarixi va madaniyatiga oid ashyo va arxivlardan bemalol foydalanish mumkin bo‘lgan chinakam ilmiy markazni tashkil etish niyatida.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomoshadan zavq olib…

Bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va...

Talablar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.06-23 «Shahar ko‘cha-yo‘llari. Piyoda mintaqalari...

Ochiq eshiklar kunida…

Albatta, bolajonlardan kelajakda kim bo‘lishlarini so‘rasangiz, kimdir harbiy, kimdir...

Munosiblar tavsiya etiladi

Imtiyoz so‘zi quloqqa xush yoqadi. Har birimiz qanday bo‘lmasin,...
KunTun
KunTun