Umrboqiy alanga

Date:

— O‘g‘lim, dadangdan keyin uyning kattasi sensan. Ko‘rib turibsan, ukang qattiq shamollagan. Isitmasi tushmayapti. Markazdan shifokor kelgunicha ukang …– Nilufarning nafasi ichiga tushib ketdi. O‘g‘lida vahima uyg‘otmaslik uchun darrov o‘zini qo‘lga olib gapida davom etdi. — Men darrov borib narigi ovuldan Mastura ayangni chaqirib kelaman. Seng ukangga qarab tur, chiroqni ko‘p balandlatma, oxirgi piltani qo‘yganman-a, bolam, tonggacha yetkazishimiz kerak. Xayr bolam, senga ishonaman. Uyning kattasi sensan…— Nilufar 12 yoshli o‘g‘li Asqarjonning belbog‘ini mahkam tortib, peshonasidan o‘pdi.

— Mana buni o‘rab ol, muzlab qolibsan-ku, arslonim. – Ona boshidagi ro‘molini yechib, o‘g‘lining boshi va yelkalarini o‘radi.

— Ayajon, axir o‘zingizchi, ko‘cha sovuq bo‘lsa…

— Menga hech narsa qilmaydi, bolam. Onalar o‘lmaydilar. O‘zimningning mehribon bolamdan o‘rgilay…— U o‘g‘li bilan apil-tapil xayrlashib, yo‘lga tushdi. Dekabrning achchiq sovug‘i-da uni muzlatolmas, ovga chiqqan och bo‘rilarning uvillashi-da uning qalbida tahlika uyg‘otolmasdi. U qanchalik uzoqlashmasin, butun vujudi uyida, bolalarida edi… Nilufar manziliga yetib, Mastura ayani olib qaytdi…

— Shunchalar ham uzun tun bo‘ladimi? Tezroq tong ota qolsaydi? Yo rabbim, bolajonimning murg‘akkina vujudi qiynalmasin. Mana men o‘sha otash alangada qovrilay… — Nilufar harorat o‘lchagichni olib, xira yonib turgan lampaga tutdi.

— 36,8 daraja. Xayriyat, bolajonimning isitmasi tushibdi…

Mijja qoqmay kutilgan tong. Asqarjon to‘shaklari tepasida tabassum bilan tikilib turgan onasini ko‘rib quchoqlab oldi.

— Iya, ayajon. Buncha issiqsiz. Tobingiz bo‘lmayaptimi? Mastura ayamni chaqirib kelaymi?

— Voy mening arslonim-ey. Yo‘q, bolam, yaxshiman. Axir aytdimku, onalar o‘lmaydilar…— Nilufarning olov bo‘lib yonayotgan vujudi-da yana bir alanga lovillardi. Bu onalik mehrining abadiy alangasi edi…

Arjumandbegim

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomoshadan zavq olib…

Bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, shaxsiy gigiyena va...

Talablar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan SHNQ 2.07.06-23 «Shahar ko‘cha-yo‘llari. Piyoda mintaqalari...

Ochiq eshiklar kunida…

Albatta, bolajonlardan kelajakda kim bo‘lishlarini so‘rasangiz, kimdir harbiy, kimdir...

Munosiblar tavsiya etiladi

Imtiyoz so‘zi quloqqa xush yoqadi. Har birimiz qanday bo‘lmasin,...
KunTun
KunTun