Munisa aravachasida o‘tirib, tong yorishdi deguncha derazadan tashqariga termulgancha kimnidir, yoinki nimanidir kutadi, yon-atrofga olazarak boqadi. Yonidagi tarbiyachilari unga qanchalik parvona bo‘lishmasin, hech dili taskin topmaydi. Tunlari o‘zicha pichirlab birnimalar hirgoyi qiladi. U bilan birga yashaydigan ayollar o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, bugungi sanani yodidan chiqargan bo‘lsa-da, u aslo unutmaydi. Ayni o‘sha kuni unga bir umrlik hamroh bo‘lguvchi, hayot yo‘llarida ko‘zlagan manzili tomon odimlashida ko‘makchiga aylangan aravachasini sovg‘a qilishgani, bir umrga yotoqqa mixlangan esa-da, uni qayta yashashga umid uyg‘otgani o‘sha kun yaqinlashgani hamon uning yuragi hapqirib, allanechuk bo‘lib ketadi…
Ha, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami Munisaning quvonchi-yu, shodliklarini o‘zida mujassam etgan kun sifatida unda o‘zgacha taassurot qoldirgan. Shuning uchun ham u doim ushbu bayramni boshqacha mehr, o‘zgacha bir intiqlik bilan kutishga odatlangan. Haqiqatan ham ayolga tillo-yu zarlar, dur-u javohirlardan-da a’lorog‘i tan-u joni sog‘ligi, yaqinlarining mehr-muhabbatini his qilib yashashdan o‘zgasi emas.
Ana shundagina, unga baxt va bayramlar tatiydi, quvonch hamroh bo‘ladi. Biroq, to‘rt muchasi sog‘lom insonlar barobarida jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlar ham har qachon kimningdir mehriga, e’tiboriga intiq yashaydi.
Sariosiyo tumanidagi nogironligi bo‘lgan ayollar uchun mo‘ljallangan Farhod “Muruvvat” internat uyida 300 nafar ana shunday jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ayni 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan maskanda yashayotgan ayollarga o‘zgacha kayfiyat va ko‘tarinkilik ulashish maqsadida mo‘jazgina bayram tadbiri tashkil etildi. Tuman hokimi “Muruvvat” uyida istiqomat qilayotgan ayollar va ularning issiq-sovug‘i, salomatligidan boxabar bo‘lib, ularning qarovi bilan band bo‘layotgan tibbiyot xodimlarini hamda tarbiyalanuvchilarni bayram bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alari topshirdi.
Tuman hokimi xotin-qizlarni bayram bilan tabriklar ekan, jamiyatdagi barcha ayollar davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligida ekanligini ta’kidladi. O‘z o‘rnida, bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgan hamshiralarga va boshqa xodimlarga minnatdorchilik izhor etdi. Tadbir bahona bayram dasturxoni yozilib, davolanuvchilar, tarbiyalanuvchilar uchun tuman madaniyat bo‘limi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Ushbu tashabbus mehr va e’tiborga muhtoj ayollarga bir olam quvonch ulashdi.
A.Mo‘minova