Amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib…

Date:

Konstitutsiya — Bosh qomusimiz, davlatning asosiy qonunidir. Barcha huquqlarimiz, majburiyatlarimiz ayni qonunlar to‘plamida o‘z aksini topgan. Vaqt o‘tishi bilan esa boshqa rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi bizning Qonunimizda ham o‘zgarishlar, qo‘shimchalar kiritishga zarurat tug‘ildi. Adolat tamoyillariga asoslangan holda muhtaram yurtboshimiz konstitutsiyamizni o‘zgartirish bo‘yicha xalqimizning har bir vakili ishtirok etishini nazarda tutib, barchaning taklif va munosabatlarini inobatga olinishini ta’kidladi. Shundan so‘ng, jarayon boshlanib ketdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga masʼul bo‘lgan davlat organlarining qo‘shma yig‘ilishida yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan bo‘lsa, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi. Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda. Yaʼni, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Shu bois, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” deb o‘zgartirildi. Aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, yaʼni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liq.
Parlament faoliyati bilan bog‘liq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Bunda Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari hamda har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va masʼuliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatniki esa 14 tadan 18 taga ko‘paytirilmoqda.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining matni kuni kecha Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy sud rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ham atroflicha muhokama etilib, qo‘llab-quvvatlangani alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.
Yig‘ilish qizg‘in fikr-mulohaza va takliflarga boy tarzda o‘tdi va yakunda “O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq masʼul qo‘mitalarning xulosasi qabul qilindi.

Manbalar asosida H.Kamolova tayyorladi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Futbolchi qizlar kashf etiladi

Sherobod tumanida o‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab...

Qulay va xavfsiz muhit yaratilmoqda

Qumqo‘rg‘on tumanida hayot sifatini yaxshilash va shaharning infratuzilmasini zamonaviy...

Shaffoflik ta’minlanadi

Sherobod tumanida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash...

Denovda Ramazon barakasi

Ramazon oyi — mehr-oqibat, xayru saxovat va hamjihatlik oyi....
KunTun
KunTun