“Har qanday yordam qonuniy bo‘lmog‘i lozim”

Date:

Bozor iqtisodiyoti talab va taklif qonuniyatlari asosida muvozanatda bo‘ladi. Tadbirkor ishida to‘siq bo‘ldimi, muammo tug‘ildimi bu, albatta, ana shu muvozanatga putur yetkazadi degani. Tadbirkordan hol so‘rab, so‘z bersangiz, ularni-da qiynaydigan, ishiga to‘siq bo‘ladigan sabablari bo‘ladi. Ana shunday muammo va takliflarni tinglash, bartaraf etish maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘zining navbatdagi tadbirkorlar qabulini o‘tkazdi. Unda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi viloyat tashkilotlari rahbarlari hamda 43 nafar tadbirkor ishtirok etdi.

Qabul davomida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, yangi loyihalar taklifi va tashabbuslarini o‘z ichiga olgan murojaatlar qabul qilindi.

Muzrabotlik “Movaraunnahr” fermer xo‘jaligi rahbari Qurbon Almardonov parrandachilik bilan shug‘ullanadi. Ayonki, bu sohada natijaga erishish birmuncha mushkul. Parrandachilikning ham o‘ziga yarasha injiqliklari bor. Ayniqsa, doimiy ravishda elektr ta’minotidagi uzilishlar oqibatida tadbirkor katta zarar ko‘rmoqda. Shu sababdan ham murojaatchi viloyat hokimidan elektr ta’minotining uzluksiz ravishda ishlashida amaliy yordam so‘radi. Mas’ullar bu borada ogohlantirilib, murojaat qondiriladigan bo‘ldi.

Tadbirkorlarni tinglab, muammolariga quloq tutayotgan viloyat rahbari o‘z ishiga vijdonan yondashib, halol raqobat olib borayotganlarga yordam berish lozimligini ta’kidlar ekan, har qanday yordam qonuniy bo‘lmog‘i kerakligini aytdi. To‘g‘ri-da, murojaatchilar orasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun tijorat bankidan kredit olib, 3 yildan buyon na kreditning asosiy qarzini va na foizini to‘lamasdan, olgan kredit muddatini uzaytirib yoki boshqa bankka o‘tkazib berishlarini so‘raydiganlar ham yo‘q emas. Xolbuki, amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan bunday holatlarda ham fuqaroga kerakli tushuntirishlar berilib, inqiroz va muammodan chiqish yo‘llari ko‘rsatildi.

Denov tumanidan kelgan tadbirkor Abdurahmon Fayziyev tumanda transportlarga servis xizmatini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. U rahbarlik qilayotgan “Fayz” MChJga qarashli bekat tumanning boshrejasiga kiritilib, buzilishga tushgan. Shu sababdan ham bekat tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan to‘sib qo‘yilgan. Bekatning buzilishi natijasida 20 nafar ishchi ishsiz qoladi. Ushbu holat bo‘yicha tadbirkor munosib yechim so‘rab murojaat qildi. Viloyat hokimi  hududga borib, vaziyat bilan shaxsan tanishishini va albatta, yechim topishlarini aytdi.

Ushbu qabulda har kim o‘z chigalliklariga yechim izlab, umid bilan kelgan. Xolbuki, ko‘ngil yorish ham oson ish emas. Viloyat hokimi esa navbatma-navbat tinglar ekan, tadbirkorlarni samimiyat ila qo‘llab-quvvatlab, ularning tashvishini o‘zinikidek bilib, kuyunchaklik ila to‘g‘ri yo‘l qidirayotgani murojaatchilar ko‘nglini yorishtirib, hijillikni tumandek tarqatib yuborayotgandek. Birma-bir muammosini aytib, qabuldan yorug‘ yuz bilan ketayotgan tadbirkorlarning mamnunligini sezish qiyin emas. Ular qatorida Salohiddin Azimov ham bor. U bog‘cha ochish uchun 2021-yilda Denov tuman hokimining qabul qilingan qarori asosida “Shamoli” mahallasi hududidan 2-sonli DMT tashkilotining 0,2 gektar yer maydonini olgan edi. Afsuski, ushbu yer maydoni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi noqonuniy berilganini ro‘kach qilib, olib qo‘ymoqchi. Tadbirkorning esa murojaat yo‘llab, bosh suqmagan davlat tashkiloti qolmagan. Ming sarson-sargardonchilik esa bir insonning davlatdan, boshqaruvdan ishonchini so‘ndirmaydimi, xafsalasini pir qilmaydimi? Axir ishlayman, naf keltiraman deganga imkon va imtiyoz berish kerak emasmi? Shu maqsadda viloyat hokimi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘iga topshiriq berib, masalani hal etishni, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash kerakligini aytdi. Tadbirkor Salohiddin Azimovning avvalgi ikkilanishidan darak ham qolmay, qabuldan minnatdorchilik ila chiqib ketdi.

Murojaatchilar orasida nogironlik aravachasida o‘tirgan fuqaro viloyat hokimining e’tiborini tortdi va unga so‘z navbatini berildi:

—      Men birinchi guruh nogironiman, — deydi Termiz shahridan Parda Norqulov. — Qo‘limda hunarim bor, zargarman. Ammo, kerakli asbob-uskunam yo‘qligi sababli ishsizman. Men davlatdan yordam olib, jimgina yeb yotishni o‘zimga ep bilmayman. Ishlab, halol mehnatim bilan pul topsam deyman. Shu sababdan ham hokimimizdan subsidiya ajratishlarini so‘rab murojaat qildim. Murojaatim yechim topib, menga subsidiya ajratilishidan xursandman. Qo‘llarim sog‘, hunarim bilan o‘zim va o‘zgalarga-da, foyda keltira olishimni o‘ylashning o‘zi kishini hayajonlantiradi.

Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlarning ayrimlari shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Bir nechta murojaatga huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar aniq ijro muddati bilan mas’ullarga yo‘naltirilib, batafsil o‘rganib chiqish va hal etish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmadi. Hokim ularning ijrosi qat’iy nazorat ostida bo‘lishi, mas’ullardan ijro uchun yo‘naltirilgan murojaatlarni batafsil o‘rganib, tadbirkorlarning muammolarini hal etishga mas’uliyat bilan yondoshishni so‘radi.

Sayyora ALLAYEVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kichik inspektor lavozimi joriy etiladi

Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy...

Kambag‘al oilalarga subsidiya ajratiladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qishloq xo‘jaligi kooperativlari...

Termiz “Inklyuziv” shaharga aylanmoqda

So‘nggi paytlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan mavzu — inklyuziyadir....

Kitob o‘qisa, jazo muddati qisqartiriladi

Kitob o‘qishni foydasi haqida bot-bot to‘xtalamiz. Dunyoqarashimizni kengaytiruvchi kitoblarning...
KunTun
KunTun